Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida to`y o`tkazish tartibini buzgan 10 nafar fuqaroga ma`muriy bayonnoma tuzildi. Bu haqda “Daryo”ga tuman IIB boshlig`i o`rinbosari Dilshod Mirzaev xabar berdi.
Dilshod Mirzaevga ko`ra, tuman IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan reyd tadbirlarida 9 ta xonadon egasi to`yiga 30 kishidan ortiq mehmon chaqirgani, tuman markazidagi to`yxona rahbari esa to`yxonada o`tkazilgan to`yda belgilangan tartibga rioya qilmagan holda ko`p mehmon qatnashishiga ruxsat bergani ma`lum bo`lgan.
“Aniqlangan holatlar bo`yicha 10 nafar fuqaroga karantin qoidalarini buzgani uchun Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 54-modda 2-qismiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va hujjatlar sudga yuborilgan”, — deydi Dilshod Mirzaev.
IIB mas`uli Mirzaevning qo`shimcha qilishicha, tumanning Oqirtma qishlog`idagi xonadon egasi to`yiga 250 nafar mehmon chaqirgani aniqlangan.






