AsosiySPORT

“Bosh vazir kubogi-2020”: bosh sovrin yana Oliy sudda qoldi

4-oktyabr kuni boshlangan vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari hamda yirik korxon...

'“Bosh vazir kubogi-2020”: bosh sovrin yana Oliy sudda qoldi'ning rasmi

4-oktyabr kuni boshlangan vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari hamda yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o`rtasidagi “Bosh vazir kubogi” futbol musobaqasi ham o`z poyoniga etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Final o`yini mamlakatimizning bosh arenasi – “Milliy” stadionda tashkil etildi. Hal qiluvchi bahsda amaldagi chempion – Oliy sud hamda bu yilgi musobaqa kashfiyotiga aylangan Tashqi ishlar vazirligi jamoalari to`qnash kelishdi. Uchrashuvni esa O`zbekiston professional futbol ligasining malakali hakamlari boshqarib borishdi.

O`yin final nomiga xos, keskin kurashlarga boy hamda murosasiz kechdi. Jamoalar maydonning har qarichi uchun jiddiy kurashdi, biroq raqib darvozasiga yo`l topish na u, na bu jamoaga nasib etdi.

Natijada g`olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. “Omad lotoreyasi”da omad Oliy sud jamoasiga nasib etdi. Aslida Tashqi ishlar vazirligi jamoasi so`nggi, beshinchi zarbani aniq bajarganda hammasi tamom edi. Lekin hal qiluvchi zarbada musobaqa debyutantlari adashdi va oxir-oqibat kubokni Oliy sud jamoasi qo`lga kiritdi.

Taqdirlash marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Aziz Abduhakimov so`zga chiqdi va g`oliblar, shu bilan birga musobaqa ishtirokchilarini samimiy qutladi.

- Bu yilgi musobaqada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta`minoti sohasidagi loyihalarini amalga oshirish agentligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, “Farg`onaazot” kabi ko`plab jamoalar debyutant sifatida qatnashdi. Aytish joiz, bu yilgi musobaqa o`tgan yilgidanda qizg`in, shiddatli va murosasiz kechdi. Hozirgina yakunlangan final uchrashuvida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Tashqi ishlar vazirligi jamoalari muxlislarga qiziqarli o`yin namoyish etib berishdi. Unda omad Oliy sud jamoasiga kulib boqdi va ularni g`alaba bilan chin yurakdan tabriklayman. Sportda shunday ibora bor: “muhimi g`alaba emas, muhimi ishtirok!”. Bu yilgi musobaqada ishtirok etgan har bir jamoa a`zosi futbol bilan shug`ullandi, sog`lom turmush tarziga oshno bo`ldi. Axir shuning o`zi sizlar uchun eng katta g`alaba emasmi? Shu munosabat bilan sizlarni ham samimiy tabriklayman, - dedi Aziz Abduqahhorovich o`z ma`ruzasida.

Shundan so`ng navbat eng hayajonli lahzalar, g`olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimiga etib keldi. Dastlab turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblar taqdirlandi:

  • Nominasiyalar bo`yicha g`oliblar:
  • “Eng yaxshi darvozabon” – Mahmudjon Masharipov (“Milliy bank”);
  • “Eng yaxshi himoyachi” – Shuhratbek Mannabov (Din ishlari bo`yicha qo`mita);
  • “Eng yaxshi to`purar” – Otabek Hazratov, 10ta gol (Suv xo`jaligi vazirligi);
  • “Eng yaxshi jamoa sardori” – Ashraf Gaffarov (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi);
  • “Eng yaxshi o`yin ko`rsatgan futbolchi” – Renat Jumaev (“O`zbekneftegaz” AJ);
  • “Eng yaxshi murabbiy” – Xudoyor Meyliev (Adliya Vazirligi).

So`ngra shohsupaga musobaqa sovrindorlari taklif etildi. Ularga medal, diplom va estalik sovg`alarini O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o`rinbosari A.Abuduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari R.Ermatov, vazir o`rinbosari A.Karimov, Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti R.Shoabduraxmonovlar tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, musobaqaning final uchrashuviga o`zbek estradasining yorqin yulduzlari, qolaversa “Dizayn” guruhi a`zolari hamda dilbar raqqosalarning go`zal chiqishlari o`zgacha fayz bag`ishladi.

    Boshqa yangiliklar