2019 yil 4 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan “Bosh vazir kubogi”, “Hokim kubogi”, «Rahbar» kubogi musobaqalarini o`tkazish vazifasi yuklatilgan edi.
Yurtboshimizning ushbu topshiriqlari ijrosini ta`minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O`zbekiston futbol assosiasiyasi bilan hamkorlikda joriy yil 4-12 oktyabr kunlari vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o`rtasida “Bosh vazir kubogi-2020” futbol musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etdi. Endi esa 22-30 oktyabr kunlari ilk marotaba futbol bo`yicha “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasi o`tkaziladi.
Ushbu musobaqaning “Bosh vazir kubogi”dan farqli jihatlari nimada?
“Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida jamoalar maydonda 8 kishidan harakat qiladi va o`yin maydonining yarmida to`p tepishadi, zaxiradan 7 kishi joy oladi.
Shuningdek, bu musobaqada vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning faqat markaziy apparati xodimlari emas, balki tizimdagi tashkilotlardan ham havaskor futbolchilar jamoa tarkibiga jalb etilishi mumkin. Bundan ko`zlangan maqsad, korxona-tashkilotlar markaziy apparatida xodimlar kamligi sababli chetdan professional yoki yarim professional jamoalarda to`p tepayotgan futbolchilarni jalb etishining oldini olishdir. Ya`ni, musobaqada havaskor maqomiga ega, avvalo sog`ligini o`ylab yuguradigan xodimlar ishtirok etishsin.
Qolaversa, “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida professional faoliyatini yakunlaganiga kamida besh yil bo`lmagan hamda ishga qabul qilinganiga kamida bir yil to`lmagan xodimlar qatnashishiga ruxsat berilmaydi. Bu ham musobaqaning halol, shaffof va adolatli o`tishiga xizmat qiluvchi omillardan.
Ertaga, ya`ni 16 oktyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi binosida ushbu musobaqa tashkiliy qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tadi. Yig`ilishda yana bir qator muhim masalalar o`z echimini topadi.
Hozirgacha “Jismoniy tarbiya va sport vaziri kubogi” musobaqasida ishtirok etish uchun 40ta tashkilotdan talabnoma kelib tushgan. Talabnomalarni topshirishning so`nggi muddati etib 2020 yilning 20 oktyabr sanasi belgilangan. Qur`a tashlash marosimi esa 21 oktyabr kuni o`tkaziladi. Shoshiling, musobaqa boshlanishiga oz vaqt qoldi.


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati