Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti hamkorligida «Qadring baland bo`lsin, ona tilim!» mavzuida ma`naviy-ma`rifiy tadbir tashkil etildi.
–Millat tili o`z bayramini nishonlashi bu katta voqeylik,– deydi shoira Zulfiya Mo`minova. – Tilimiz nufuzini oshirish uchun ko`p ishlar qilindi. O`nlab uslubiy qo`llanmalar, lug`atlar tuzildi. Qolaversa, Yurtboshimizning BMT minbaridan turib o`zbek tilida so`zlagani til bayramimizning 31 yilligiga katta sovg`a bo`ldi.



O`zbek tili bayrami munosabati bilan uyushtirilgan mazkur tadbir doirasida o`zbek tiliga oid ko`rgazmali materiallar, bannerlar taqdim qilindi.

Karantin qoidalariga qat`iy amal qilingan holda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning taniqli suxandonlari, shoir-yozuvchilari ijod namunalari audio ko`rinishida metropoliten ichida yangradi.
«Alisher Navoiy», «Zahiriddin Muhammad Bobur», «Avloniy», «Ibrat» filmlaridan namoyish etilgan lavhalar metropoliten foydalanuvchilariga manzur bo`ldi.

O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining ijodiy jamoalari, o`qituvchilari, talabalari ijrosidagi milliy tilimizning qadr-qimmatini sharaflovchi ashulalar tadbirga o`zgacha fayz bag`ishladi.








