Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda koronavirusdan vafot etdi deyilgan fuqaro tirik bo‘lib chiqqani haqida xabar tarqaldi. “Zamon” informatsion dasturida ushbu xabarga hodisa sodir bo‘lgani aytilgan shifoxona xodimlari va bemorning yaqinlari orqali aniqlik kiritildi.
Aniqlanishicha, Namangandagi koronavirusga chalinganlarni davolovchi taqsimlash markazida bemorlardan biri vafot etgani to‘g‘risida ularning oila aʼzolariga xabar berilgan. Marhumning o‘g‘li esa otasining jasadini olish uchun shifoxonaga borgan. U otasining telefoni qayerdaligini bilish maqsadida qo‘ng‘iroq qilgan va shu vaqtda qo‘ng‘iroqqa uning otasi javob bergan. Yaʼni vafot etilganligi aytilgan fuqaro aslida tirik bo‘lgan.
Maʼlum bo‘lishicha, Namangan shahridagi “Ilg‘or” mahallasida yashovchi fuqaro koronavirusga chalinganlar shifoxonasida vafot etgani va mayyitni yuvib, uning yaqinlariga boshqa jasad berib yuborilgani to‘g‘risidagi xabarni ijtimoiy tarmoqda tarqatgan Q.M. ismli fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonadan, haqiqatan ham, boshqa kishining jasadi berib yuborilgan.
«23 sentyabr kuni dadam bilan gaplashdik, yaxshiman dedilar. Oradan 20 daqiqa o‘tgach, shifokorlar qo‘ng‘iroq qilib, og‘irlashib qoldi deyishdi. Yana ortga qaytdim. Vafot etdi, deyishdi. Biz o‘sha yerda deb o‘yladik. Telefonlari esimga tushib qoldi va qo‘ng‘iroq qilsam, javob berdilar. Dadangiz tirik qoldilar-ku, deyishgani uchun hech qanday eʼtirozim bo‘lmadi», — deydi salkam 80 yoshni qoralagan otaxonning o‘g‘li.
Shifokorlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bitta palatada ikkita bir xil familiyali bemor davolangan va ularning yoshi ham bir-biridan 1—2 yoshga farq qilgan. Bemorlarning birida ijobiy o‘zgarish kuzatilgan bo‘lsa, ikkinchisida ahvol og‘irlashib, yondosh kasalliklar tufayli vafot etgan.






