O`zbekistonda eksport salohiyatini oshirish va eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash uchun izchil ishlar amalga oshirilmoqda. COVID-19 pandemiyasi oqibatlari keltirib chiqargan global iqtisodiy inqiroz sharoitida tadbirkorlik sub`ektlarining eksport faoliyatini yanada rag`batlantirish muhim ustuvorliklardan biri hisoblanadi.
Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag`batlantirish agentligi - mahalliy eksport qiluvchilarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun vakolatli organ hisoblanadi. U eksport qiluvchilarga xalqaro ko`rgazma-yarmarkalarda ishtirok etish, milliy mahsulotlar va brendlarni tashqi bozorlarga chiqarish hamda xalqaro standartlashtirish va xalqaro sertifikatlarni olish uchun sarflangan harajatlarni kompensasiya qilib beradi. Bu borada vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 21 oktyabrda qabul qilingan “Eksport faoliyatini moliyaviy qo`llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mamlakatda eksportni rag`batlantirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir.






