Anjelina Joli va Bred Pitt juftligi nafaqat Gollivudning, balki butun dunyoning eng chiroyligi juftligi hisoblanadi. Anjelina Joli oila va kar`erani birday uddalayotgan va mislsiz muvaffaqiyatlarga erishayotgan ayol sifatida tahsinga sazovor. Xo`sh, u bunga qanday erishadi? Quyida u “Malifisenta” filmidagi esda qolarli voqealar, farzandlari va Bred bilan tanishishi haqida so`zlab beradi.
“Disney” studiyasidagi hangomalar
“Disney” studiyasining omborida istalgan ijodkor hech ikkilanmay millionlar evaziga sotib oladigan “kadr”lar saqlanadi. Bu to`rt yoshli debyutant Viven Marshelin Joli-Pittni katta kinoga olib kirishga sababchi bo`lgan “Malefisenta” filmi edi. “Curatga olishning birinchi kuni kichkintoyning goh qorni ochib qolsa, goh film uchun ishlangan liboslarni kiyishni istamasdi. Kamiga qum o`ynashga ham tushib ketdi», deydi Joli. Joli va Pitt farzandining qaysarligini engish uchun sirk arenasida o`zlarini har ko`yga solishdi: “Qo`shiq kuyladik, bir nimalar yasadik... “Disney”chilar qilayotgan ishlarimiz eng kulgili kadrorti hangomalari sifatida oltin fondda qolishini aytishdi”, deydi ijodkorlar.
“Uni yomon ko`rish xuzur bag`ishlagan”
“Menimcha, uni yomon ko`rish menga xuzur bag`ishlagan. Sehrgar kampirdan qo`rqardim, shu bilan birga u nimasi bilandir meni o`ziga bog`lab ham olardi”, deydi Joli. Mazkur rol uchun aktrisa maxsus saboq ham oldi. “Aktrisalar odatda bor ovozi bilan gapirmaydi. Suratga olish maydonchasida go`yo ovoz mendan chiqmayotgandek tuyuldi. Lekin bu yoqimli jarayon edi. Hammaga hech bo`lmasa umringizda bir bora okean qirg`og`ida turib, bor ovozingiz bilan baqirib ko`rishni maslahat beraman”, deya aktrisa ichki kechinmalarini yashirmadi.
Suratga olish maydonchasida tanaffus e`lon qilingan vaqtida ham Joli yovuz sehrgar qiyofasida yurishdan orlanmadi. Barcha bolachalar qo`rqinchli bu qiyofaning oldiga yaqinlasholmadi. Lekin aktrisaning kichkintoy qizi bundan mustasno. “Viven doim “dum”dek ortimdan yuradi. Unga kayfiyatim yo`qligi, jaxl bilan gapirayotganimning ham farqi yo`q. Odatdagidek yonimga kelib, qo`lidan ushlab yurishimni talab qiladi. Hatto hech qanday grim Vivenni qo`rqita olmaydi”, deydi Joli.
Joli endi kadr ortida...
Jolining katta ekranlarga chiqishi kutilayotgan ikkinchi rejissyorlik ishi — urush dramasi. “Men jismoniy emas, faqatgina aqliy mehnat bilan shug`ullanayotganimdan mamnunman. Shu tarzda ishlash juda qulay ekan”, deya tan oldi Joli.
Aktrisaning galdagi rejissyorlik ishi haqiqiy gollivud blokbasteri, deya e`tirof etilyapti. Akulalarning hujumi, samoletlarning qulashi, ulkan dekorasiyalar... bu katta byudjetli filmi orqali aktrisa professional rejissyor ekanini ko`rsatib qo`yish niyatida.
“Baxtli turmush ertakdek tuyulardi”
“Onam bizlarni yolg`iz katta qilgani sabab, hech qachon sevib qolmayman, derdim. Chunki to`laqonli oilada yashamaganing uchun baxtli turmush ertakdek tuyulardi-da!”, deya ko`nglini ochgan aktrisa o`tgan yili onasidan “qolgan” saraton kasalligini enggani haqida so`zlashdan bosh tortdi. Faqatgina “Davolanish uchun qurbonliklarga rozi bo`lishim oson kechmadi. Ayniqsa, tashqi ko`rinish professionallikdagi muvaffaqiyatni ta`minlashini bilgan ayol uchun katta jasorat edi”, deyoldi xolos. Hayotidagi bu og`ir damlarda rejissyorlik ishlari bilan chalg`idi. “Kambodjalik bolalar orasida o`tirib, shu erda o`g`lim borligini his qildim. Shunday vaqtlar bo`ladiki, qandaydir kuch seni to`g`ri yo`lga boshlaydi”, deb yana bir bolani boqib olganini aytdi.
Joli rejissyorlik ishlari bilan Avstraliyada yurganida, Pitt Angliyada “G`azab” nomli boshqa jangari dramada suratga tushayotgandi. Bu juftlik ilk bor ota-onalik to`g`risidagi bitimni buzishdi. Biri suratga olish bilan band, ikkinchisi esa o`zini butunlay oilaga bag`ishlagan. Anjelinaning so`zlariga ko`ra ular bu xatoni qaytib takrorlamas ekanlar. Pitt bilan oxirgi sakkiz yil ichida munosabatlaringiz o`zgardimi, degan savolga aktrisa o`ylanibgina “Bu savolni biror marta o`zimga berib ko`rmagan ekanman. Nazarimda, Bredga ham bu savolni eshitish qiziq tuyulsa kerak”, deb so`ziga yakun yasadi.





