AQSh prezidenti ma`muriyatining Savdo vakili (USTR) Robert Laytxazer O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziriga ishchilar huquqini ta`minlash mezoni bo`yicha O`zbekistonga nisbatan Preferensiyalar bosh tizimi (PBT) qo`llanishini qayta ko`rib chiqish jarayonini bekor qilish to`g`risida qaror qabul qilingani haqida xat yubordi. Bu haqda O`z A xabar berdi.
Ushbu qarorga ko`ra, O`zbekistonning AQSh bilan bojsiz savdo qilish tartibidan foydalanish huquqi saqlab qolindi. Shu bilan birga Respublikaga nisbatan 12 yil davomida ochiq qolib kelayotgan majburiy mehnat bo`yicha ish yopildi. Shu haqdagi axborot Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy saytida e`lon qilindi.
Preferensiyalar bosh tizimi - 1974 yilda qabul qilingan Savdo to`g`risidagi qonunga muvofiq, rivojlanayotgan mamlakatlardan AQSh hududiga tovar olib kirish - importga nisbatan o`rnatilgan bojsiz rejimdir. 1994 yil avgust oyida O`zbekistonga PBT benefisiari maqomi (AQShga tovarlarni bojsiz etkazib berish huquqi) berildi.
AQSh Savdo vakilining hatida ushbu qaror qabul qilinishining asosiy omili bu – O`zbekiston hukumati ishchilar huquqini himoya qilishni yaxshilash bo`yicha ko`rayotgan chora-tadbirlar ekani ta`kidlanadi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan olib borilgan monitoring natijalariga tayangan holda hukumatimiz tomonidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar va qonunchilikdagi o`zgarishlar natijasida ketma-ket besh yil davomida bolalar mehnatidan tizimli foydalanish holati bartaraf etilayotgani, majburiy mehnat sezilarli darajada kamaygani e`tirof etilmoqda.
O`zbekistonning boshqa salmoqli yutuqlari qatorida AQSh Savdo vakili paxta yig`im-terimi majburiy hajmi bekor qilingani va paxta terimchilari uchun haq to`lash miqdori sezilarli darajada oshirilganini ta`kidladi. Buning natijasida yurtimizda majburiy mehnat amaliyoti bartaraf etilishi uchun qulay shart-sharoit yaratildi.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil oktyabr oyida AQSh Savdo vakili ofisi intellektual mulk huquqini himoya qilishni ta`minlash mezoni bo`yicha 1999 yilda boshlangan O`zbekistonga nisbatan qo`llash amaliyotini to`xtatishga qaror qilgan edi.
Joriy yilning 3 noyabr kuni AQSh prezidenti ma`muriyati Savdo vakilining rasmiy veb-saytida PBTni bir qator davlatlar, jumladan O`zbekistonga nisbatan qo`llashni qayta ko`rib chiqish jarayonini to`xtatish to`g`risida qaror qabul qilingani e`lon qilindi.






