1

«O`zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» hujjatli filmini suratga oldi

Madaniyat 06.11.2020, 16:22
«O`zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» hujjatli filmini suratga oldi

«O`zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» («Dejurny po Sotrudnichestvu») hujjatli filmini suratga oldi. Bu haqda MA Axborot xizmati ma`lum qildi.

Bugun videokonferensaloqa formatida muhim siyosiy tadbir – MDH davlatlari hukumat rahbarlarining kengashi bo`lib o`tadi. Ma`lumki, joriy yilda O`zbekiston MDHga raislik qilmoqda. Ushbu tadbir uchun maxsus ravishda Rossiyaning uch telekanali «Mir», «Mir 24» va «Mir premium» «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» hujjatli filmini namoyish etadi.

26 daqiqalik filmda O`zbekiston va MDH davlatlarining nafaqat 2020 yildagi, balki mamlakatimizning Hamdo`stlik davlatlari bilan uzoq yillik munosabatlari davomidagi hamkorligi haqida hikoya qilinadi.

Filmni yaratish jarayoni haqida ssenariy muallifi va rejissyor  Irina Kuzminskaya shunday deydi:

«Oramizdagi masofa 3 ming kilometr, lekin biz buni uddaladik. Film ustida sirtdan ishlash – men uchun birinchi tajriba. Ammo masofadan ishlash sharoitlarida ham, fikrimcha, juda munosib material tayyorlay oldik.  O`zbekiston Respublikasi 2020 yilda MDHga raislik qilayotgani «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» filmini suratga olish uchun bosh sabab bo`ldi. Ko`plab dastlabki ishlar amalga oshirildi, film g`oyasi o`ylandi, suratga olish jarayonlari rejalari tuzildi, prodyuserlar bilan ularning sanalari kelishildi.  

Aprel boshida «Mir» davlatlararo teleradiokompaniyasi suratga olish guruhi O`zbekistonga uchib borishi, «O`zbekkino»dagi hamkasblari bilan suratga olish ishlariga kirishishlari kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi bizning rejalarimizni yo`qqa chiqardi, chegaralar yopildi, Hamdo`stlik davlatlarida karantin joriy etildi. Lekin, shunga qaramay, «O`zbekkino» va «Mir» teleradiokompaniyasi hamkorlikdagi loyihadan voz kechmadilar. Suratga olish jarayonlarining asosiy yuki «O`zbekkino» zimmasiga tushdi, tashkillashtirish va muvofiqlashtirish jarayonlari bilan ham Moskvadan, ham Toshkentdan bir vaqtda shug`ullandilar.

Biz zamonaviy O`zbekistonni, uning jadal sur`atlar bilan rivojlanishi, o`z ishiga fidokor insonlari, o`ziga xos madaniyati, betakror tabiatini qiziqarli va keng ko`lamda namoyish etishni istagandik. Afsuski, barcha o`ylaganlarimiz ham amalga oshmadi... Aniq bilamanki, fan va tibbiyot COVIDni engadi, chegaralar ochiladi va biz albatta birgalikda ishlay olamiz. Va baxt haqida katta hujjatli film suratga olamiz... Nima uchun baxt haqida deysizmi? Hozircha bu haqda gapirmay qo`ya qolay, biroq «Hamkorlik bo`yicha navbatchi» filmida bu mavzuga ozgina ishora qilib ketamiz».

Kuzminskaya chin dildan ushbu loyihani amalga oshirishga aloqador bo`lgan insonlarga o`z minnatdorligini bildirdi.

«Mazkur filmni tayyorlash borasida «O`zbekkino» bosh direktor Firdavs Abduxoliqov va MDH Ijroiy qo`mitasi Raisi Sergey Lebedev o`rtasida 2019 yilning dekabrida kelishuvga erishilgan edi. Biz «Mir» telekompaniyasiga ushbu loyihani amalga oshirishda baholi qudrat yordam ko`rsatgani uchun katta minnatdorlik bildiramiz.  

Film koronavirus pandemiyasi tufayli yangi formatlar va yondashuvlarga tayangan holda, noodatiy ish tartibi va sharoitlarida yaratildi. Rossiyalik ijodkorlar, mamlakatdan chiqmagan holda, «O`zbekkino» operatorlari, rejissyorlari va hujjatli film mutaxassislari yordamida film ustida ishladilar», – deya qayd etib o`tdi hujjatli filmlar DUK direktori Bahodir Odilov.

Ayni vaqtda filmni o`zbek tiliga dublyaj qilish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayon yakuniga etgach, film barcha milliy telekanallarda namoyish etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1