1

“Jabrdiyda”

Mutolaa 18.01.2016, 12:26
“Jabrdiyda”

Telefon jiringladi.  Demak, tong otdi. Paypaslab, tinmay o`z tilida “uyg`on” deyotgan apparatni qidira boshladim. Uyqu deganlari muncha shirin bo`lmasa, a? Ko`zlarimni zo`rg`a ocharkanman, “uyg`onish vaqti”ni o`n besh daqiqa ortga surdim. Kutilmaganda bugun birinchi ish kunim ekanligi yodimga tushdi-yu, dik etib o`rnimdan turdim.

Har kuni takrorlanadigan nonushta tayyorlash, dadamizni kuzatish, kiyinish va kichkintoylarni kiyintirish sahnalarini ko`ngildagidek ijro etgach, qizimga tayinladim:

— Ukangni etaklab, to`g`ri buvingnikiga kir. Zinada o`ynab qolib ketma! Men shu bilan kechga yaqin kelaman.

Ularni qaynonamlar yashaydigan qo`shni pod`ezdning eshigigacha kuzatdim-u, zipillab ortimga qaytdim.

— Qiynalmaysanmi? Dorilarning nomi, qo`llanilishi esingdan chiqib ketmaganmi? — mashinaga o`tirayotganimda so`radi turmush o`rtog`im.

— Mabodo, topa olmay qolsam, siz bor-ku! Qo`ng`iroq qilaman! — jilmaydim unga.

— Tinchlik yo`q ekan-da, unda. Bemorlar yonida bo`lsam, javob bera olmasligim mumkin.

— Unda... boshqa kursdoshlarim bor-ku! — jig`iga tekkim keldi uning.

— Yusufga qil! Har soniyada qilsang ham, savol bersang ham javob berib turadi. Iloji bo`lsa, dorixonga kelib yordamlashadi ham, — qovoq-tumshug`i osilib, to`ng`illadi erim.

Men esa zavqlangancha, mashina ichidan yon ko`zguga qarab chehramni ko`zdan kechirgan bo`ldim.

— Chiroylisiz! Bekor joyladim, o`zi... — yo`ldan ko`z uzmagan holda piching va gina qila boshladi u. — Yaxshigina o`tirgandingiz, uyga yarashib!

— Shuncha yil o`qidim, o`lib. Bolalaringizni katta qildim. Men ham endi ishlab ko`ray-chi? Ishxonangizning yonida bo`lsa...

Turmush o`rtog`im poytaxtdagi eng katta, butun respublikadan bemorlar tashrif buyuruvchi, qaynonamning gapi bilan aytganda “quloqqa yomon eshitiladigan” shifoxonalardan birida ishlardi. “Ishlayman, ishlayman”, deya uning “ikki qulog`ini yulib qo`liga berganimdan” keyin shu kasalxona darvozasi yonida joylashgan dorixonada bo`sh o`rin borligini aytdi.

Mana, bugun birinchi ish kunim. Tavba, shuncha tahsil olibman, besh yil bola katta qilibman va yigirma to`qqiz yoshimda endi o`z sohamda ish boshlabman-a!

— Dunyoda eng kech ish boshlagan men bo`lsam kerak, — dedim xursandligimni yashirish uchun.

— Kechki payt o`zing uyga kelaverasan. Meni kutsang, kechki ovqatsiz qolamiz. Ish vaqting sakkizdan beshgacha. Keyin boshqa xodim keladi, o`rin almashasizlar.

— Bu gapingizni bugunning hisobidan bir, ishga kirganim ma`lum bo`lganidan buyon esa naq o`n martacha eshitdim, shekilli. Yodlab oldim. Xavotir olmang, o`zim qaytaman.

Xullas, biz — er-xotin shu bilan darvoza yonida ayrildik. U ichkariga kirib ketdi, men dorixonaga qadam bosdim. Ochig`i, ilk ish kunim ko`ngildagidek bo`lmadi. To`g`ri, dorilarni, qo`llanilishi va o`rindoshlarini unutmagan ekanman. Ammo, qaysi xonaning qaerida turganini bilolmay rosa xunob bo`ldim.

— Antibiotiklar birinchi shkaf, uchinchi qatorda. Shprislarning hammasi kassa yonidagi katta g`iloflarga joylangan. Darmondorilar oynavand peshtoqning o`ziga terilgan, oxirgi qatorda. Surgilar peshtoqning o`ng tomonidagi yuza qismga qo`yilgan, — shukrki, yonimdagi qiz tinimsiz eslatib turadi. — Allergik xapdorilar mana, yonginangizda. Anuv burchakda eng qimmat dorilar turadi. Ularni ko`proq shifoxonada yotgan bemorlarning yaqinlari so`rab chiqishadi.  

Uning oxirgi gaplari yuragimga titroq olib kirdi.

“Ishqilib, shu dorilarga hech kimni muhtoj qilma!” o`zimcha g`udrandim ichimda.

Kechgacha necha bor dovdiradim, qancha garangsidim o`zimga ham ayon emas. Lekin “Yangimisiz, deyman?” degan gapni to`rt marta eshitganim aniq.

— Yaxshi ishladingmi? Telefon ham qilmading? — so`radi kechki ovqat oldidan xo`jayinim.

— Vaqt bo`lmadi! Bu dunyoda hamma kasalu, doriga muhtoj, degan xayolga bordim.

— Shifoxonaning yonida-da, shunga xaridor ko`p bo`ladi.

Ertasiga dorilarning joyini o`zimcha ko`z oldimdan o`tkazdim-da, tabassum bilan ish boshlashga kirishdim.

— Singlim, mana bu dori shu erda bor emish... — dedi bir ayol kelib.

Dorining qutisiga qarab, yuragim orqaga tortdi. Bu — shu erda davolanadigan xastalarga kasallikning oxirgi bosqichida beriladigan, qimmat va kamyob dori.

— Bor, — dedim o`zimni qo`lga olishga urinib.

— Ikkita olishga pulim etarmikan? — sumkasini kavlashga tushdi ayol. Bundan foydalanib, unga zimdan razm soldim. Egniga rangi uniqqan ko`ylak, oyog`iga tagi ancha eyilgan shippak “ilib” olgan xotin menda “uzoq viloyatdan kelgan”, degan taassurot uyg`otdi.

Singlim, salgina arzon qilib bersangiz, ikkita olarkanman...

Biz belgilangan narxda sotamiz.

Juda kerak edi-da... — ayolning qoshlari ko`tarilib, bor ajin peshanasiga jam bo`ldi.

— Kimingiz kasal? — dedim dorini bir tekis terilgan qutilar orasidan qidira turib.

Ayol indamadi. Ammo yuziga allaqanday iztirob, ikkilanish va aybdorlik parda tashlagandek bo`ldi.

— Bolangiz emasmi? — so`radim hadik bilan.

Ayolning ovozidan oldin boshi likilladi va eshitilar-eshitilmas “ha” dedi.

Ichimdan bir nima “chirt” etib uzildi.

“Ey, Xudo! Ayol bolasining kasali oxirgi bosqichda ekanligini bilmaydi shekilli. Ilohim, bilmasin! Bolasiga shifo ber! Farzand dog`ini, uning azobini sira-sira bildirma!”

Dilimda iltijo bilan unga ikkita dori tutqazdim.

Bittasiga etarkan, pulim... — erga qaradi ayol.

Mayli, olavering. Qancha etmayapti?

Ikkita olishim uchun o`n ming etmayapti.

— Bering. Faqat chekka dorining asl narxini yozaman. Etmaganini o`zim amallarman...

O`zimcha, ikki kunlik tushlikdan kechib, dorining puliga etmagan o`n mingni to`lab yuborishni rejalashtirdim.

Ayol ketgach, sumkamdan o`n ming olib, ayol bergan pulga qo`shdim.

Ertasiga ayol yana keldi:

— Kechagi doridan bering.

Yuragim “shuv” etib pastga tushgandek bo`ldi.

Bolangiz yaxshimi? — dedim qo`rqa-pisa.

Ayol boshini egdi. So`ng “ha” degandek bosh silkidi.

Unga juda rahmim keldi. Bolasiga achindim. Hozir qanchalar joni azobdaligini Xudo biladi.

“Tushlikni uydan olib kelaman. Erim tushlikka deb bergan pullarni yig`ib, shu ayolga beraman. Yoki dorisining puliga qo`shaman...”

Har kuni ayolga besh ming o`tib, dori sotar va yonimdan qo`shib, kassa topshirardim. To`rt kundan so`ng ayol uchta dori so`radi. Yuragim uvishdi. Endi u har kuni uchta dori sotib ola boshladi.

“Nahot, bolasining ahvoli shunchalar og`ir?”

Men hamon unga moddiy ko`mak berar, bolasiga shifo so`rardim.

 

* * *

— Xonamga besh minutga kelib ketolmaysanmi? Bir o`rtog`im telefonini sotyapti. Sen almashtirmoqchi eding-ku! Ko`r, yoqsa olamiz, — dedi bir kuni turmush o`rtog`im tushlik vaqtida.

Yugurib chiqdim. Borsam, hozirgina yaxshi gapirgan erimning avzoyi buzuq, koridorda turib baqiryapti:

— Necha marta aytdim, qo`ymanglar, deb! Odam ham shunaqa bezbet bo`ladimi?

Yoniga borib, bir chetda tek turdim.

— Chiqing! Nega turibsiz? — ro`paradagi xonaga bosh suqib, dedi erim. — Yana bir marta ko`rsam, milisiya chaqiraman! Sizni kiritgan odamni ishdan bo`shataman!

Xonadan elkasini qisgancha, ayol kishi chiqib keldi. Ko`rib, hech nimaga tushunmay qoldim. U haligi — mendan dori sotib oladigan ayol edi.

— Nega unga baqirasiz? — dedim o`zimni bosolmay.

— Sen aralashma! Har kuni xonama-xona yurib dori sotadi, u. Arzon bo`lsa ham mayli! Necha marta aytdim, ogohlantirdim! Odamda insof bo`lmasa qiyin ekan! Kasalxonadagi onalar dorixonaga borishga ham vaqtini qizg`anishadi. Bu ayol bo`lsa, shundan foydalanib, pul ishlaydi...

Men ichimdan toshib kelayotgan nafrat va g`azabni ko`zimga joylab, bor alamimni yuragimga ko`mgancha, qotib qoldim...

 

N. USANBOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1