Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, inson salomatligining 55 foizi turmush tarzi (ovqatlanish, zararli odatlar, yashash sharoiti), 20 foizi atrof-muhit, 15 foizi irsiy omillar va 10 foizi tibbiy yordam bilan bog`liq. Bu haqda Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova ma`lum qildi.
Markaz direktorining aytishicha, bugungi kunda respublika aholisining 56 foizida ortiqcha vazn, shundan 24 foizida semizlik, 46 foizida me`yoridan ortiq xolesterin, 31 foizida yuqori arterial qon bosimi mavjud, 67 foizi etarlicha meva-sabzavot iste`mol qilmaydi (kuniga 400 gr);
Aholi salomatligini ta`minlash bo`yicha quyidagilar belgilanmoqda:
2021 yil 1 iyundan boshlab:
- 6–23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida ularni mikronutrient kukuni bilan;
- 6 oylikdan 5 yoshgacha bo`lgan bolalarni “A” vitamini bilan;
- 2–10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo`yicha maxsus preparat bilan bepul ta`minlash;
2022 yil 1 iyuldan boshlab:
- homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3–15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan;
- 35 yoshgacha tug`ish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta`minlash;
2021 yil 1 apreldan boshlab respublika hududida oliy nav bug`doy unini mikronutrientlar bilan boyitilgan taqdirda realizasiya qilishga ruxsat berish;
- Sirdaryo viloyatining tuman va shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarida eksperiment tariqasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab “To`g`ri ovqatlanish va sog`lom turmush tarzi” xonalari tashkil etilmoqda;
Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, tibbiyot oliy ta`lim muassasalari, o`rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlariga:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiy xodimlari uchun dietologiya bo`yicha qayta tayyorlash kurslarini ochish;
- aholi uchun ovqatlanish bo`yicha maslahatchi tayyorlash kurslarini tashkil etish huquqi berilmoqda.
Sanitariya, gigiena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutiga sog`lom ovqatlanish bo`yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish vazifasi yuklatilmoqda;
2021/2022 o`quv yilidan boshlab:
- ta`limning barcha bosqichlarida to`g`ri ovqatlanish va sog`lom turmush tarzini yuritish bo`yicha dars (mashg`ulot)lar o`tilishi;
- tibbiyot texnikumlarida valeolog, dietolog, nutrisiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutrisiolog va dietolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik o`quv dasturlari asosida tayyorlash yo`lga qo`yiladi.
- oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi tuz, qand va yog` miqdori inson sog`lig`i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko`rsatuvchi maxsus belgilar bilan tamg`alash ikki bosqichda joriy etilishi belgilanmoqda.