Shahzoda Matchonova — bu aktrisani filmlarda ko`p bora kelin obrazida ko`rganmiz. Lekin Shahzoda hayotda oshxona bilan unchalik ham “qalin do`st” emas, balki shuning uchun ham u rol ijro etgan filmlarda oshxona sahnalari kam uchrasa kerak. Ammo aktrisa “Darakchi” gazetasining “O`zbegim oshxonasi” loyihasi uchun parhezli salat reseptini o`rganib, uning sir-asrorlarini muxlislar bilan o`rtoqlashishga astoydil tayyorlandi. Bu ishda unga “Palete” restorani bosh oshpazi Sarvar G`aniev yordam berdi.
Har bir bayramdan so`ng ko`pchilik ketma-ket tanovul qilingan quyuq va yog`li taomlardan so`ng oshqozonga dam berishga, parhez tutishga, harakat qilinishi tabiiy hol. Shunday ekan bugungi sahifamiz mehmoni Shaxzoda Matchonova sizga asqotishi mumkin bo`lgan maxsus salat reseptini taqdim etadi. Ortiqcha xolesterindan xoli, ammo vitaminga boy ushbu salatni uy sharoitida o`zingiz ham tayyorlab ko`rishingiz mumkin.
— Shahzoda, bilishimizcha oshxonada kam bo`lasiz...
— Qiz bola uchun buni tan olish qanchalik noo`rin bo`lmasin, ammo bu haqiqat. Oshxonaga deyarli kirmayman. Taom tayyorlashni yoqtirmaganim uchun hatto ba`zida nonushta qilmay ishga otlanishim ham mumkin. Oshxonada pishir-kuydir qilishdan ko`ra tayyor mahsulotlarni afzal ko`raman.
— Birinchi marta taom pishirganingiz yodingizdami?
— (Kuladi) Esimda, 3-sinfda o`qib yurgan kezlarim sabzi va sarimsoq piyozdan salat qilib ko`rgandim. Ammo bu ish qo`limdan kelmaganini ko`rganim uchun, hafsalam pir bo`ldi. Biroq bir narsaga qiziqsam, mukammal o`rganmasdan qo`ymayman. Shunday ekan, tez orada yaxshigina pazanda bo`lib etishsam, hayron bo`lmang.
— Taomnomangizdan ko`proq qanday mahsulotlar o`rin egallagan?
— Rostini aytsam, taom borasida injiq emasman. Faqat mahsulotlar vitaminlarga boy bo`lsa bo`lgani. Masalan, milliy va yapon oshxonasi taomlari jonu dilim.
— Doim chiroyli va yosh ko`rinishingiz siri nimada? Balki maxsus parhezingiz bordir?
Inson chiroyli va yosh ko`rinishi uchun aslida ko`p narsa kerakmas.
Asosiysi internet taromoqlarida ko`zingiz tushgan parezlarni o`zingizda sinab ko`ravermaslik lozim. Kundalik hayotimizda tanovul qiladigan barcha masalliqlarning odam organizmiga foydasi katta. Shuning uchun taomnomamizdan o`zboshimchalik bilan ayrim eguliklarni ortiqcha deb olib tashlashimiz xato. Xushbichim ko`rinish istagidagilar asosiy uch qoidani yodida tutishlari lozim: birinchidan, kechki soat 16:00dan so`ng xamirli taomlar va shirinliklar iste`mol qilishni kamaytiring, non mahsulotlarini emaslikka o`rganing. Ikkinchidan, kun davomida ko`proq suyuqlik ichib, ko`p harakatda bo`lishga o`rganing. Agar jismoniy mashqlarga vaqt ajraa olsangiz yanada yaxshi. Uchinchidan to`y, tug`ilgan kun va boshqa bazm-tadbirlarda to`yib ovqatlangach, keyingi kun albatta oshqozoningizga dam bering. Haftada bir marta parhezli kun e`lon qilib, faqat suv, meva va sabzavotlar iste`mol qiling. Ko`rib turganingizdek xushbichim ko`rinish qoidalari unchalik qiyinmas, asosiysi sabr va muntazamlik bo`lsa, kifoya. Tabiiyki bu yo`l bilan ortiqcha vazndan tezda qutulmaysiz, lekin salomatligingizga ham ziyon etkazmaysiz.
Men semizlikka moyil bo`lmaganim bois parhez tutmayman. Ammo to`g`ri ovqatlanish qoidalariiga amal qilaman va konservantlar, gazli ichimliklardan butkul voz kechganman.
— Bugun gazetamiz o`quvchloyihamiz muxlislari uchun qanday taom tayyorlashni o`rgatmoqchisiz?
— Hozir xon baliqdan tayyorlanadigan salatning tayyorlanishini amalda ko`rsatib bermoqchiman.
Xon baliqli salat
Bir kishiga mo`ljalangan salat uchun kerakli masalliqlar:
100 gr xon baliq.
1 dona kobachki.
1 dona pomidor.
1 dona limon.
Rukkola ko`kati
Salat bargi
Oq nondan tayyorlangan chips
Ta`bga ko`ra zaytun moyi, balzamli sirka, tuz va murch.
TAYYoRLANIShI:
— Ishni baliqni marinadlashdan boshlaymiz. Ya`ni baliq ustidan yarimta limon sharbati quyib, ta`bga ko`ra tuz va murch sepib bir zumga bostirib qo`yamiz. Kobachkini parrak qilib kesib uni ham xuddi shu yo`l bilan marinadlaymiz. So`ngra ularni gaz pechi patnisiga terib, 160 darajada qizib turgan “multivarka”da 10-15 daqiqa davomida pishiriladi. Aslida kobachkini salat yog`ida qizarguncha qovurib olsa ham bo`ladi. Ammo bu salatimiz parhezli bo`lgani uchun bu gal uni dimlaymiz.
Mahsulotlarimiz dimlanib tayyor bo`lguncha, salat bargi va rukkola ko`katini katta-katta shaklda to`g`raymiz. Ta`bga ko`ra unga zaytun yog`i, balzamli sirka, tuz va murch qo`shib aralashtiramiz.
SIRKA VA POMIDORLAR BILAN BEZATISh.
Baliq va kobachki tayyor bo`lgach, uni likopchaga olib bezatishga kirishamiz. Avval likopchani balzamli sirkadan tayyorlangan sous yordamida bezatib olamiz. So`ngra ko`katlar aralashmasini qo`yamiz va ustidan baliqni 4-5 bo`lakka bo`lib joylashtiramiz. Xuddi shu yo`sinda kobachki bo`lakchalarini ham likopchaga qo`yamiz. Pomidorni 6 bo`lakka bo`lib, salat atrofiga terib, bezatamiz.
Mana bayram kunlari taomnomasidan keyin oshqozonga dam berish uchun tayyorlanadigan vitaminlarga boy, parhezli salat ham tayyor.
Kerakli masallliqlar:
2-3 dona yashil olma
2 dona qizil sabzi
VITAMINGA BOY ShARBAT
Endi salat bilan birga tanovul qilish uchun vitaminli sharbat ham tayyorlaymiz. Darvoqe, sharbatni och qoringa ichish tavsiya etilmaydi. Oshqozon yarasi borlar ham bu sharbatni ehtiyotkorlik bilan ichganlari ma`qul.
Olma va sabzili sharbat kimlarga tavsiya etiladi?
Olma S, V1, V2, R, E vitaminlariga boy. Qishning sovuq kunlarida shamollashni oldini olishda foydasi katta. Shuningdek bu tarkibdagi sharbatlar homiladorlar uchun juda foydali.
Olma va sabzi sharbati ortiqcha vazndan qutilmoqchi bo`lganlarga organizmdagi ortiqcha yog`larni eritishda yaxshi yordam beradi.
Loyihada ishtirok etganimdan xursandman, chunki shu munosabat bilan parhezli salat tayyorlash sirlarini o`zim ham o`rganib oldim. Ushbu salat va sharbat parxez taomlarni xush ko`radiganlar uchun ayni muddao bo`ladi deb umid qilaman.
Aliya Sulaymanova tayyorladi