Joriy yil 25 noyabr kuni Rossiya Federasiyasining Veterinariya va fitosanitariya bo`yicha federal xizmatining (Rosselxoznadzor) rasmiy veb-saytida O`zbekiston Respublikasidan Rossiya Federasiyasiga bulg`or qalampiri va pomidor mahsulotlarini kirib kelishi uchun vaqtinchalik ta`qiq qo`yilgani to`g`risida maqola chop etilgan.
“O`zdavkarantin” inspeksiyasi Axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu ta`qiq faqatgina Farg`ona viloyatidan eksport qilinuvchi mahsulotlarga taalluqli ekani qayd etilgan.
Birlamchi o`rganishlar ko`rsatdiki, Farg`ona viloyatidan yuborilgan bulg`or qalampiri (4 kg.) va pomidor (6 kg.) mahsulotlarining namunalarida “Rosselxoznadzor” laboratoriya tahlillariga ko`ra, “Tomato brown rugose fruit virus” virusi aniqlangan.
Mazkur xabardan so`ng Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyati tomonidan “Rosselxoznadzor” rahbariyati bilan tezkor ravishda onlayn muzokaralar o`tkazildi.
Muzokaralar natijasida, mazkur ta`qiqni qisqa muddatlarda echish maqsadida mahsulotlar etishtirilgan hududdagi barcha issiqxona va ekin maydonlarida o`simliklar karantini nazorati o`tkazilishi va mazkur kasallikni hamkorlikda o`rganishga kelishildi.
Qayd etish lozimki, “Tomato brown rugose fruit virus”, ya`ni pomidorning jigarrang burishish virusi shu paytgacha O`zbekiston hududida aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi vakillaridan maxsus Ishchi guruh tuzilib, shu kunning o`zida Farg`ona viloyatiga yuborildi.
Batafsil ma`lumotlar o`zaro o`rganishlardan so`ng taqdim etiladi.






