O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mamlakatda qonunsizlik va korruptsiyaga aslo o'rin qolmasligi lozimligini ta'kidladi. Bu haqda u bugun, 22 iyun kuni o'zining Telegram-kanalida yozdi.
Ma'lum qilinishicha, shu kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi raisi Robaxon Mahmudova sudyalar hamjamiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga tanishtirilgan.
Saida Mirziyoyeva Prezident Shavkat Mirziyoyev adolatni insonlar uchun eng muhim qadriyatlardan biri sifatida ko'p bor ta'kidlab kelayotganini qayd etdi.
"Jamiyatimizda qonunsizlik va korruptsiyaga aslo o'rin qolmasligi shart. Zero, rivojlanish va farovonlikka qaratilgan har qanday islohot faqat mustaqil sudning ishonchli himoyasidagina haqiqiy kuchga ega bo'ladi", deb yozdi u.
Uning ta'kidlashicha, ayni paytda Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqi tamoyillariga asoslangan sud tizimi shakllantirilmoqda. Shu munosabat bilan amaldagi sudlar ham xalqaro ilg'or tajribalarni o'rganib, ularni o'z faoliyatiga tatbiq etishi muhim ekani qayd etildi.
Mirziyoyeva sud tizimi muayyan shaxslarga bog'lanib qolmasligi, kadrlar almashinuvidan qat'i nazar, aniq va uzluksiz ishlaydigan mexanizmga aylanishi kerakligini bildirdi. Shuningdek, har bir sudya o'z sharafi va obro'sini yuksak saqlagan holda sudyalik mantiyasiga munosib bo'lishi lozimligini ta'kidladi.
"Robaxon Anvarovnaga mustahkam iroda hamda doimo oqilona, halol va adolatli qarorlar qabul qilishida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Eslatib o'tamiz, Robaxon Mahmudova 18 iyun kuni besh yil muddatga O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib saylangan edi.






