Kecha, futbol bo`yicha O`zbekiston chempionatining nufuzi jihatdan ikkinchi ligasi — Pro liganing hal qiluvchi Superliga yo`llanmasini beruvchi so`nggi tur uchrashuvida Farg`onaning «Neftchi» klubi o`z uyida Yaypanning «Turon» klubiga qarshi o`ynadi va imkoniyatni boy berib qo`ydi. O`yindan so`ng, maydonda «Neftchi»ning alamzada mulislari hakamlarga tashlangani haqida xabar bergan edik.
Ko`p o`tmay esa Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati videolavhada ko`rsatilgan holatlar nazoratga olinganligini ma`lum qilib, hakamni kaltaklagan alamzada futbol muxlislarining barchasi qo`lga olingani ham ma`lum bo`ldi.
Bo`lgan voqeadan so`ng, O`zPFL rahbari Diyor Imomxo`jaev o`z munosabatini bildirdi.
"Neftchi – Turon uchrashuvi hakamlari o`yinni e`tirozlarsiz boshqarib bordi. Ular bilan hozir hammasi joyida. O`zPFL murakkab uchrashuvda ishlagan hakamlar brigadasiga minnatdorchilik bildiradi.
Shuningdek, uchrashuvni boshidan oxiriga qadar stadiondan kuzatib borgan, taqdirlash marosimida ishtirok etgan Farg`ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovga minnatdorchilik bildiramiz. Uchrashuv fantastik ruhda o`tdi va u uzoq yillar unutilmaydigan bo`ldi. Uchrashuvdan keyingi holatlar O`FA tomonidan alohida o`rganiladi" deydi Diyor Imomxo`jaev.