Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 3 dekabr kuni ilm-fan va innovasiyani rivojlantirish borasida oliy ta`lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Yg`ilishda qayd etilishicha, suv xo`jaligi sohasidagi muammolarni ham ilmiy echimlar orqali hal qilish mumkin. Xususan, sug`orishda suv tejovchi texnologiyalarni qo`llash kengayib bormoqda. Lekin bunda o`g`itlarni to`g`ri eritish, sug`orish vaqtini aniqlash, muddatida texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha tizim tashkil etilmagan. Yomg`irlatib sug`orish bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish ham oqsamoqda.
Shu bois Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko`rsatadigan qo`shma korxonalar tashkil etish bo`yicha topshiriq berildi.
Xorijiy moliya tashkilotlari mablag`lari hisobidan amalga oshirilayotgan irrigasiya ob`ektlarini loyihalashtirish ishlariga chet ellik mutaxassislar bilan birga mahalliy olimlarni ham jalb qilish muhimligi aytildi. Misol uchun, Qoraqalpog`istonda suv resurslarini boshqarish bo`yicha 215 million dollarlik loyihaning 8 millioni ilmiy izlanishlarga yo`naltirilgan.
Xorazmda tashkil etilgan Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi orqali viloyatdagi irrigasiya inshootlarini qayta loyihalashtirish, suv resurslarini to`g`ri rejalashtirish lozimligi qayd etildi.