AsosiyIqtisodiyot

Prezident Toshkent metallurgiya zavodining ochilishida ishtirok etdi va nutq so`zladi

'Prezident Toshkent metallurgiya zavodining ochilishida ishtirok etdi va nutq so`zladi'ning rasmi

Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushirildi. Shu munosabat bilan o`tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi va nutq so`zladi. 

Davlat rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo`lgan ushbu majmua ochilishini “tarixiy voqea” deb atadi, deb yozmoqda Prezident.uz.

Ushbu zavod qurilishi 2017 yil fevralda boshlangan edi. Prezidentimiz 2018 yil avgustda bu erga kelib, bunyodkorlik ishlarini ko`zdan kechirdi. Turli qiyinchiliklarga, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, minglab fidoyi insonlarning bilim va mehnati evaziga ulkan korxona qad rostladi.

Shavkat Mirziyoev bunga hissa qo`shgan loyihachi va quruvchilarga, xorijiy hamkorlarga tashakkur izhor etdi.

– Biz innovasion iqtisodiyotni shakllantirish, zamonaviy sanoat, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, xorijiy davlatlar va etakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e`tibor bermoqdamiz. Bugun har jihatdan noyob bo`lgan Toshkent metallurgiya zavodining ishga tushirilishi bu boradagi sa`y-harakatlarimizning yana bir amaliy namoyonidir, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari yangi majmuaning iqtisodiy samaradorligiga to`xtalib o`tdi. Yurtimizda qora metallurgiya rivojlanmagani sababli sanoat korxonalari ko`p muammoga uchrar edi. Endi Toshkent metallurgiya zavodida yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Bu qurilish materiallari, maishiy texnika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatidagi yuzlab korxonalarning ehtiyojini ta`minlash imkonini beradi. Ilgari bunday mahsulotlar asosan chetdan olib kelinardi.

Kelajakda ushbu zavod avtomobilsozlik va qishloq xo`jaligi mashinasozligi korxonalari ehtiyojini ham qoplashga xizmat qiladi.

Mazkur majmuada birinchi bosqichda import o`rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish hisobidan 400 million dollarga yaqin mablag` tejaladi. Mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshadi.

Misol uchun, sendvich panellar va tom yopish tunukalari tannarxida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotning ulushi 50 foizdan 90 foizgacha etadi. Shuningdek, bu ko`rsatkich ventilyasiya va havo tozalash tizimlari bo`yicha 30 foizdan 50 foizgacha, maishiy elektrotexnika ishlab chiqarishda 35 foizdan 50 foizgacha oshadi. O`z-o`zidan ayonki, buning natijasida mahsulotlarning narxi arzonlashadi. Shuningdek, zavod tomonidan yiliga 90 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Majmuada 700 ga yaqin kishi ishlaydi. Lekin, turdosh tarmoqlar bilan birga hisoblaganda, 5 mingta yangi ish o`rni tashkil etilishi mumkin.

Tez orada yangi korxona Bekoboddagi metallurgiya kombinati bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Bekobodda qiymati 800 million dollar bo`lgan loyiha amalga oshirilmoqda – 1 million tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega quyuv-prokat majmuasi barpo etilyapti. Uning mahsulotlari Toshkent metallurgiya zavodi uchun xomashyo bo`ladi. Shuning o`zi rux va polimer qoplamali listlarning mahalliylashtirish darajasini 90 foizga etkazish imkonini beradi.

– Harakatlarimizning asosiy maqsadi yaqin yillarda yaxlit, “noldan tayyor mahsulotgacha” bo`lgan metall ishlab chiqarish klasterini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoev o`z chiqishida.  

Davlatimiz rahbari zavod Toshkentda yaqinda tashkil etilgan Yangihayot tumanida ish boshlayotganiga e`tibor qaratdi. Korxonada muhandis, loyihachi, metallurg va boshqa mutaxassislarning yangi avlodi shakllanayotgani, bu esa kelajakda boshqa zamonaviy korxonalar uchun mustahkam poydevor bo`lishini ta`kidladi.

– Eslaringizda bo`lsa, biz koronavirus pandemiyasidan kuchli, qudratli bo`lib chiqamiz, deb maqsad qo`ygan edik. Bugun bu murakkab yil yakuniga etayotganda aytishimiz mumkinki, barcha sa`y-harakatlarimiz ijobiy natijasini beryapti. Ko`ryapsizlar, dunyoda nima bo`lyaptiyu, O`zbekistonda nima bo`lyapti. Xudo xohlasa, shu oyning oxirida metropolitenning Sergeli yo`nalishini ham ochamiz. Ilohim, mana shunday yaxshi kunlarimiz ko`p bo`lsin, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Rossiya Federasiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni, yirik loyihalarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Kelgusi yil aprelda Toshkent shahrida «Innoprom» xalqaro investisiya va sanoat ko`rgazmasi o`tkazilishi yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Rossiyaning «Metprom» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Stanislav Lazutkin, Italiyaning «Danieli» kompaniyasi bosh direktori Jakomo Mareski Danieli, mehnat faxriylari, yoshlar so`zga chiqdi.

Toshkent metallurgiya zavodi faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.

 

    Boshqa yangiliklar