1

Oliy sud sobiq xodimini qasddan o`ldirgan RShTYoIMning mas`uli 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat 11.12.2020, 15:10
Oliy sud sobiq xodimini qasddan o`ldirgan RShTYoIMning mas`uli 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Avvalroq, joriy yilning 8 avgustida Qibray tumanidagi GES hududidan muqaddam O`zbekiston Oliy sudida ta`minotchi vazifasida ishlagan Sh.A.ning jasadi sayohat chemodaniga tiqib qo`yilgan holda topilgani, tergov davomida ikki nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 97, 169, 227 va 241-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgandi haqida xabar qilgandik...

      Bugun, 11 dekabrda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining sudlov hay`ati o`z binosida mazkur ish yuzasidan ayblangan shaxslarga nisbatan sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar qildi.

“RAShK TUFAYLI O`LDIRMAGANMAN...”

Sudda sudlanuvchi R.X. sudda aybiga qisman iqror bo`ldi...

— 2018 yilning oktyabr oyidan buyon Travmatologiya bo`limi boshlig`i lavozimida ishlayman. 2008 yilda Travmatologiya bo`limi shifokori lavozimida ishlab yurgan vaqtimda pediatriya bo`limi bosh shifokori lavozimida ishlayotgan X.A. (ayol kishi) bilan xizmat yuzasidan tanishganmiz. U bilan munosabatlarimiz ish yuzasidan yaxshi bo`lgan. 2015 yilda X.A. orqali uning shar`iy eri Sh.A. bilan tanishganmiz. 

2018 yilning oxiri 2019 yilning boshlarida doktorlik dissertasiyasini yoqlash uchun ilmiy ish bilan shug`ullanib yurgandim. Sh.A. buni bilib, o`z xohishi bilan menga 12.000 AQSh dollarini berib, “Ishlatib yurasan” dedi. Qabul qilmasam-da, hech bir sababsiz pulni bermaguncha qo`ymadi. Pulni olishga majbur bo`ldim. 2019 yil 5 aprelda doktorlik dissertasiyamni yoqladim. So`ng u bilan umumiy tanishlarimiz ko`paydi. Ba`zida Sh.A. ishxonaga kelib, zerikkani sababli, men bilan gaplashib o`tirgan. Sh.A. odatda soat 17:00 larda kelib, kech soat 23:00-24:00 larga qadar gaplashib qolib ketardi. Sh.A.dan “nima sababdan oldimga kelayapsan? Ishim ko`p, nima xohlayapsan?” deb so`raganimda, u “Senga o`rganib qoldim, sen bilan gaplashsam o`zimni yaxshi his qilaman”, dedi. Sh.A. oxirgi vaqtlarda menga hayosiz gaplarni gapiradigan bo`lib qoldi. 2019 yilning mayida Sh.A. oldimga kelib, shaxsiy masalada gapirgan vaqtida jiddiy e`tiroz bildirdim. “Agar ishingiz bo`lsa oldimga keling, boshqa bu masalada kelmang”, dedim. Oradan 5 kun o`tib, kech soat taxminan 20:00 larda Sh.A. menga qo`ng`iroq qildi. RShTYoIMning pediatriya binosi yonida mashinam turadigan avtoturargohga chaqirdi. Oldiga borganimda, u teskari qarab turgandi. Yaqinlashganimda Sh.A. o`girilib, chap qo`li bilan kamarimdan ushlab, oldiga tortib, o`ng qo`lida o`tkir tig`li narsani qornimga tiradi. Uni pichoq ekanini bildim. Shunda Sh.A. menga ko`zlari o`ynab, yig`lagan holatda “Men Oyjamolni yaxshi ko`raman, uni deb istaganimni boshini yorib qo`yaman. Lekin senga hozir aytadigan gapim, sen menga muomalangni yaxshi qil. Qachon telefon qilsam javob ber, qachon chaqirsam kelgin. Nima gaplarni gapirishimdan qat`iy nazar indamay eshit. Men sen bilan gaplashib muloqot qilib turishim kerak. Lekin bu narsa haqida Oyjamolga yoki boshqasiga shama qilib aytganingni bilib qolsam, senga ham bolalaringga ham yaxshi bo`lmaydi”, dedi. Sh.A. xotini X.A.ni “Oyjamol”, deb chaqirardi. Oradan biroz vaqt o`tib, Sh.A. menga qizim qaysi maktabga borishi, qanday kiyimlar kiyishini aytib tahdid qildi. Shunda u oila a`zolarimni kuzatib yurganini bildim. Oxirgi vaqtlarda Sh.A. bilan telefonda ko`p gaplashardik. Uning o`zi telefon qilib, tushlik va kechki ovqatga taklif qilib, “Faqat ikkalamiz ovqatlanamiz”, derdi. Turli bahonalar bilan uning takliflarini rad qilib kelganman. 2020 yilning iyulida Sh.A. qo`ng`iroq qilib, sog`ligi yomonligi, holsizlanayotganini, qoni quyulib ketganini aytdi. Unga shifoxonaga kelishini, qonni suyultiradigan biror narsa qilib qo`yishimni so`radi. Sh.A. Travmatologiya bo`limiga keldi. Unga 400 gr. “glyukoza” dori vositasini quyib, qon suyultirish uchun 100 gr. miqdorida qon olib tashladim. Ushbu muolaja davomida ham bizdan boshqa hech kim bo`lmagan. Sh.A. o`rtoqlari yo`qligidan nolib, “Sen men bilan yaxshi muomalada bo`lib turgin. Ko`proq sen bilan gaplashib o`tiray”, dedi. 

2020 yil 6 avgust kech soat 22:50 da Sh.A. qo`ng`iroq qilib, “Xiqichoq tutyapti. “Kapelnisa” qo`ymasang bo`lmaydi, hozir ishxonadamisan?” dedi. Uni ko`rishni istamayotganim sababli ishda bo`lsam ham uyda ekanimi aytdim. Shu kuni o`g`limning tug`ilgan kuni munosabati bilan oila a`zolarim qaynotamning uyiga ketishgandi. Uyda hech kim bo`lmagani uchun ishxonada qolgandim. Ertasi kuni soat taxminan 8:50 larda Sh.A. qo`ng`iroq qilib, “Kechasi bilan uxlamadim, xiqichoq to`xtamadi. “Kapelnisa qo`yib qo`yishing shart”, dedi. Shu paytda bo`lim “Covid-19” kasalligi sababli yopilgani, travmatologiya bo`limi bolalar bo`limi binosiga ko`chirilayotgani sababli, bemorlar va ko`pchilik xodimlar ishda emasdi. Shu sababli katta hamshira K.K. va bo`lim bekasi M.S. ga 1-sonli palatani tayyorlab qo`yishlarini, bemor kelishini, yangi choyshab solib qo`yishlarini va “Glyukoza” eritmasi, bo`sh flakon, sistema olib kelib qo`yishini aytdim. Sh.A.ning shu paytgacha unga qilib kelayotgan munosabatlari, harakatlaridan jahlim chiqib, asabiylashib yurgandim. Meni tinch qo`ymayotgani sababli uni qo`rqitib qo`ymoqchi bo`ldim. Bir necha yil avval jarrohlik operasiyalari davomida foydalanganimdan qolib ketgan dori vositasi bor edi. Shu dorini cho`ntagimga solib qo`ydim. Dorini jarrohlik amaliyoti davomida narkoz berishdan oldin qilinsa, inson organizmidagi nafas olishni qisqa muddatga to`xtatib, unga ulangan sun`iy nafas berish apparatiga o`tkazilardi. Bu dori mushakni qisqa muddatga bo`shashtiruvchi dori vositasi hisoblanadi. Shu orqali u biroz nafas olishdan to`xtab, o`limni his qilsa o`ziga keladi, deb o`ylagandim. Sh.A.ni kutib olish uchun tashqariga chiqmoqchi bo`lgan vaqtimda zinada u bilan ko`rishib qoldim. Uni to`g`ri 1-sonli palataga olib kirib, krovatga yotqizdim. Unga “glyukoza” eritmasini quyib, uni ikkinchi qo`lidan qon oldim. Shu jarayonda avvaldan olib qo`ygan doriimni olib, 10 gr. hajmdagi “shpris”ga tortib, o`ng tomondagi qon olayotgan vena orqali bu dorini yubordim. Sh.A. “boshim aylandi”, dedi. Xushidan ketib, shok holatiga tushib qoldi va chap ko`zi pirpiray boshladi. Yuborgan dorim natijasida nafas olishi qisqa muddatga, ya`ni 5-6 daqiqaga to`xtashi kerak bo`lgan. Bosh miyaga havo bormasa, 7 daqiqagacha o`z faoliyatini bajaradi. Lekin Sh.A.da kutganimdan boshqa o`zgarish bo`ldi. Bunga dorining nojo`ya ta`siri sabab bo`lgan bo`lishi mumkin. Unda bosh miya qon quyilishi belgilari kuzatilib, miya faoliyati to`liq to`xtadi. Pulsioksimetr yordamida tekshirganimda, qondagi kislorod miqdori va yurak urishi “0” ko`rsatkichni ko`rsatdi. Ko`z qorachig`larini ochib ko`rganimda ikkala tomoni ham maksimal darajada kengaygandi. O`lganiga ishonch hosil qildim. Avval karantin paytida kiyimlarimni olib kelgan va qo`shni xonaga olib chiqib qo`ygan jamadonim hayolimga keldi. Jamadonni krovat oldiga olib borib, dastlab Sh.A.ning boshi, so`ng oyoqlarini tushirdim. Uni yonboshlatganimda murda jamadonga sig`madi. Oyoq-qo`llarini buklab, jamadon ichiga joylashtirdim... 

Uni 1-sonli palatadan hojatxona orqali kiyinish xonasiga o`tkazdim. O`rtada ikkita xonadan kirish uchun mo`ljallangan hojatxona bor. Murdadan axlat chiqqani sababli, uning hidi chiqmasin, deb strech selofani bilan jamadonni ustini o`rab, yotqizib qo`ydim. Ishlatgan dorimning ampulasini selofan paketga solib, stolda turgan Sh.A. sumkasi bilan birga murda turgan xonaga olib chiqib qo`ydim. Bo`lim bekasi M.S. yoki katta hamshira K.K.ga xonani yig`ishtirib olishlarini aytdim. Xonada faqatgina choyshab va sistema qolgandi. O`zimning xonamga chiqib, tibbiy kiyimlarimni echib, ularni selofan paketga soldim. Boshqa kiyim kiyib, bo`lim yuvinish xonasidagi dushga kirdim. Murdani qanday qilib olib chiqish yo`lini o`ylab o`tirganimda tanishim A.M. yordam berishi mumkinligini o`yladim. Soat taxminan 11:00 larda unga qo`ng`iroq qilib, ishim borligi, yordami kerakligini aytdim. Bir soatlarda kelishini bildirdi. Telefonsiz kelishini ham tayinladim. O`zim esa dori vositalari va kiyimlarim solingan paketni, Sh.A.ning barsetkasida bo`lgan telefonni olib, ularni yo`qotish maqsadida ko`chaga chiqib kelmoqchi bo`ldim. Chiqib ketishimdan oldin bosh shifokordan ruxsat so`rab chiqib ketdim. Yo`qotmoqchi bo`lgan narsalarimni “Jun” kanaliga tashlab yubordim. Ttelefonni tashlashdan oldin uni sindirib ochdim. Batareykasini va sim kartasini sug`urib olib, so`ng suvga tashladim. Soat taxminan 12:40 larda shifoxonaga qaytib keldim. Birozdan so`ng A.M. kelib qoldi. Uni bo`limga olib kirib, kiyinish xonasida turgan jamadonni ko`rsatib, “shuni menga olib chiqishga yordam berasiz”, dedim, nimaligini tushuntirmadim. A.M. “nima bu?” deganimda “bir odamga kapelnisa quyayotgan vaqtimda o`lib qoldi. Uni yashirish kerak”, dedim. A.M. qo`rqib ketib, xonada sigaret chekib yubordi. Unga Sh.A.ning mashinasi kalitini berib, “shuni biror joyga olib borib qo`y, kerak bo`lsa topib olishar”, deb iltimos qildim. Birga xonadan chiqdik...

A.M.ga kech soat 19:00 dan keyin ko`rishishimizni aytdim. Mashinada jamadonni qaerga tashlashni o`ylab, Qibray tumaniga bordim. U erni aylanib, soat 14:00 lar atrofida shifoxonaga qaytib keldim. Qaytgan vaqtimda A.M. hovlida o`tirgandi. “Mashinaning kalitini bermading”, dedi. Taxminan soat 15:00 larda X.A.ning oldiga ish yuzasidan kirdim. U bilan gaplashib turgan vaqtimda “pochcha ko`rinmay qoldi-ya”, dedi. Shu vaqt xonada bosh hamshira ham bor edi. X.A.ga Sh.A. ertalab kelib, shoshilib chiqib ketganini aytdim. U Sh.A. kelib ketganini eshitib, “nega menga uchramay ketdi?!” deb hayron bo`ldi...

Soat taxminan 17:00 larda bo`lim yo`lagidagi hamshiralar postidan katalkani yurgazib, kiyinish xonasiga olib kirdim. Jamadonni dastlab xonada bo`lgan tibbiyot kushetkasi ustiga chiqarib, so`ng shu orqali katalka ustiga chiqardim. Soat 19:00 larda A.M. keldi, avtoturargohda ko`rishdik. Unga “kutib tur”, deya murdani olib chiqish uchun kirib chiqmoqchi bo`ldim. Videokameralar ishlab turgani sababli, hech kim tanimasin deb mashinamning yukxonasidagi kombinezonni va tibbiy niqobni kiyib oldim. Ilmiy bo`lim joylashgan bino tagidagi eshik orqali erto`laga kirib, erto`ladan travmatologiya bo`limiga o`tdim. 2-qavatga chiqdim va xonadan jamadonni katalka ustida g`ildiratib liftga olib kirdim. Erto`laga olib tushib, erto`la orqali A.M. kutib turgan avtoturargoh tomonga bordim. Jamadonni olib chiqayotganim bilinmasligi uchun ustiga selofan plyonka yopib qo`ygandim. Plyonkani dastlab mashina yukxonasiga soldim. A.M. bilan birga jamadonni ko`tarib, mashina yukxonasiga soldik va ustidan selofan plyonkani yopdik. Ustimdagi kombinezonni echib, yukxonaga tashladim. A.M. uni uyiga tashlab qo`yishimni aytdi. Shifoxonadan chiqib ketayotganimizda A.M.ga “jamadonni tashlab yuborishda yordam ber”, dedim, rozi bo`ldi. Qibray tumanidagi “Bo`zsuv” kanaliga etmay to`xtab, atrofda mashina bor yoki yo`qligini kuzatdik. Mashinalar qolmaganidan so`ng kanal o`rtasidagi ko`prik oldiga borib to`xtadik va jamadonni suvga otib yubordik. Jamadon suvga cho`kmay oqishni boshladi. Oqib ketishini qarab turgan vaqtimda qilgan ishlarimni o`ylab, pushaymon bo`ldim. 

A.M. bilan birga mashinaga o`tirib, u erdan ketdik. Yo`lda “barsetkani tashlab yubormabman-ku”, deganimda A.M. “uni tashlab bo`lmaydi, yoqib yuborish kerak” dedi. Qaerda yoqib yuborish mumkinligini o`ylab, avval chiqindi tashlash joyi oldida to`xtadik. Yukxonadagi kombinezoni tortib, ichidan Sh.A.ning sumkasini ochdim. Unda Sh.A.ning pasporti, haydovchilik guvohnomasi, beyjik kabi shaxsiy buyumlari va 2 mln. so`mdan oshiqroq pul borligini ko`rdim. A.M.ga pullarni bersam, “kerak emas”, dedi. Narsalarni erga qo`yib, spirt sepib yoqib yubordim. Narsalar yonganiga ishonch hosil qilgach ketdik.

A.M. yo`lda tushib qoldi. O`zim yana shifoxonaga qaytdim. Xizmat xonamga kirib, cho`ntagimni qaraganimda Sh.A.ning haydovchilik guvohnomasi bilan beyjikini qolib ketganini bildim. Ularni qaychida qirqib, chiqindi tashlash joyiga tashlab yubordim. 

Ertasi kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sh.A. murdasi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. O`zimning kompyuterim orqali kuzatuv kameralaridagi videotasvirlarni o`chirdim. 

Menga e`lon qilingan ayblovga qisman iqrorman. Chunki menda Sh.A.ni o`ldirish qasdi bo`lmagan. Uni qo`rqitib qo`ymoqchi bo`lgandim. Dori berib, uni ojiz ahvolga solib qo`yib, bo`g`ish niyati bo`lmagan. Bundan tashqari, Sh.A. bilan o`rtamizda rashk tufayli kelishmovchilik kelib chiqdi. X.A. bilan ishqiy munosabatda bo`lmaganman. U bilan opa ukadek munosabatda edik. Sh.A.ni rashk tufayli o`ldirmaganman... 

Alisher Jalilov, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi: 

Sudlanuvchi – 45 yoshli R.X. JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi va 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 59-moddasi tartibida R.X.ga jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo`shishlik yo`li bilan uzil-kesil 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

56 yoshli sudlanuvchi A.M. esa JKning 227-moddasi 2-qismi “a” bandi va 241-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 59-moddasi tartibida sudlanuvchiga jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo`shishlik yo`li bilan uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran o`n sutka ichida, sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakili hukm nusxasini olgan kunidan e`tiboran shu muddat ichida, apellyasiya tartibida jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi, hukm qonun kuchga kirgandan so`ng kassasiya tartibida jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.

S.ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1