San`atga bo`lgan ilk havas...
— Bolaligimni maroq bilan eslayman. Mahallamizdagi katta ariqda cho`milardik. Suvning ostida yotgan har xil rangli kichkina tosh va shishalarni terib, qirrali joyini toshga ishqalab, unga shakl berardik. Chiroyli shakl chiqsa, ingichka sim o`tkazib, zirak yasar, “Katta bo`lganimda san`atkor bo`lsak, shu ziraklarni taqamiz”, deb orzu qilardik.
Yog`och qoshiqlarga paxta solib, ustiga oq mato o`rab, yuziga qora kuya bilan qosh ko`z chizib, qo`g`irchoq yasar, mahallamizdagi bolalar bilan “xola-xola”, “mehmon-mehmon” o`ynardik. Ayniqsa, parda tutib, uning orqasidan yasagan qo`g`irchoqlarimiz bilan o`zimizcha tomosha qo`yardik. O`sha joyni teatr hisoblardik. Qog`ozdan pullar yasab, shu bilan teatrga kiritardik (kuladi). Mahalladagi ayrim urishqoq bolalarga kirgani ruxsat bermasdik.
Bir kuni dadasi armiyaga ketib qaytib kelmagan bir qizni teatrga kiritmadik. “Sizlar men etimni xafa qildilaring”, — deb rosa o`ksinib yig`lagan. Shunda uni ovutib, teatrimizga olib kirib ko`nglini ko`targanimiz hech esimdan chiqmaydi. Bolaligimdagi ana shu qo`g`irchoqlar bilan qo`yilgan teatrlar menda san`atga bo`lgan qiziqishni uyg`otgan bo`lsa kerak...
Kino deb medaldan mahrum bo`lganman...
— 1953-1954 yillarda hozirgi Milliy akademik drama teatri o`rnida kinoteatr bo`lib, unda “Boy ila xizmatchi” filmi qo`yilgan. Filmda boyning ikkita-uchta xotini bo`lib, xotinlari orasida yoshi eng kichigi juda katta qiyinchiliklarga uchraydi. Boyning katta xotini kundoshining bolasini qaynagan suvga solib, uni o`ldirib qo`yadi. Ana shunday dahshatli taassurotlar bilan davlat imtihoniga kech qolib kirib, o`qituvchim bilan urishib qolganman.
Natijada ikkita to`rt baho olib, menga berilishi kerak bo`lgan medaldan mahrum bo`lgandim. Kelajakda san`at sohasini tanlashimga ota-onam ruxsat bermaydi, deb o`ylardim. Ammo bir kuni otam meni yoniga chaqirib “Qizim, artistlarni tayyorlaydigan o`qish bor ekan”, deb qoldi. Otamning istagini tushunib hujjatlarimni topshirdim. U erda ayollar juda kam bo`lganligi uchun meni bajonidil o`qishga qabul qilishgan.
Birinchi kursda o`qiyotgan paytlarimizdayoq domlamiz Qudrat Xo`jaev bizni ommaviy sahnalarga olib chiqa boshlagan. Ommaviy bazm sahnasida ilk marotaba “Xolisxon” spektaklida qatnashib, Mahmuda rolini ijro etganman. Bu talabaligimdagi menga berilgan ilk rol edi. Avvaliga “Men ham shu rolim bilan sahnada birorta so`z aytarmikanman, qachon sahnaga chiqarmikanman”, deb entikkan bo`lsam, sahnaga chiqqanimdan so`ng ko`zim tinib, qulog`im shang`illagandek bo`lib qoldi... Sahnada bosh qahramonlar qolib, xuddi hamma tomoshabin menga qarayotgandek o`zimni yo`qotib qo`yganman. Yil oxirida menga “Yo`lchi yulduz” spektaklidagi boyning kenja xotini, Gulasal obrazini topshirishdi. Shunday qilib, talabalik davrimdayoq meni katta sahnaga qabul qilishgan.
Ijoddagi mashaqqatli damlar....
— 1955 yilda ilk ijodiy faoliyatimni boshlagan bo`lsam, deyarli oltmish yil umrim sahnada o`tdi. Avvaliga, “Xolisxon”da Mahmuda, keyinchalik, “Navoiy”da Guli, “Boy ila xizmatchi”da Jamila, “Gamlet”da Ofeliya, Emiliya, “Yo`lchi yulduz”da Gulasal kabi birin-ketin bosh qahramonlarni ijro eta boshladim. Bugungacha men o`ynamagan, armon bo`lib qolgan rol qolmadi hisob.
Ijodimning asosiy qismi radio va televidenie bilan bog`liq. 1957 yilda televidenie ilk marotaba “Vanya tog`a” nomli diplom spektaklimiz bilan ochilgan edi. Biz spektaklda jonli ijro etardik. Birinchi kursda o`qiyotgan bo`lsam-da, “Vanya tog`a” spektaklida bitiruvchi talabalar bilan birga ishtirok etib, buvi rolini ijro etganman. Shunday qilib, televidenie, radio, dublyaj va teatr bilan hayotim birvarakayiga uzviy bog`landi. Radioda “Dugonalar radiojurnali”, “Tabassum”, “G`azal kechasi” kabi katta turkum eshittirishlarni olib borardim. Barcha eshittirishlarimiz oltin fondda saqlanmoqda. Televidenie studiyasiga ertalab soat sakkizda kirib, kechasi o`n ikkigacha qolib ketar, qattiq charchaganimizdan ba`zilarning hushidan ketib qolgan paytlari ham bo`lgan.
90 yoshli otaxonning e`tirozi
— Talabalik paytlarimizda ko`proq ustozlardan tanbeh eshitganmiz. O`z o`rnida tanqidlarni ham to`g`ri qabul qilishga harakat qilardim. Ammo ijodimga nisbatan bir marta bildirilgan tanqid haligacha yodimdan chiqmaydi. Televidenieda “Dengizdan tomchi” ko`rsatuvida kichkina epizodik — folbin rolini o`ynaganimda to`qson yoshli otaxon menga “Qizim, sendan iltimos, bunaqa salbiy rollarni boshqa o`ynama. Seni xalq har doim mehribon ona rolida ko`radi. Salbiy rollar bilan obro`yingni to`kma”, deya menga e`tiroz bildirgan. Otaxonga aktyorning vazifasi har qanday rolni ijro eta olish ekanligini har qancha tushuntirmaylik, baribir o`z so`zida turib olgandi. Ko`pchilik muxlislarning fikricha, ularning onasiga, ammasiga, buvisiga o`xshar ekanman. Aslida, mening rolim kimgadir o`xshashi mumkin...
Rejisser qobiliyatli bo`lsa...
Bugun teatrning taqdiri dramaturgiyaga bog`liq bo`lib qoldi. Birinchi galda teatrda yaxshi yozilgan sahna asari, keyin tajribali rejissyor va mahoratli aktyor bo`lishi kerak.
Teatrimizga dramaturglarning yozgan asarlarini olib kelishadi. Asar muhokamaga qo`yilganda gapiraman desang gap topilmaydi. Tanqid qilsang — muallif xafa... Ijobiy gap, fikr aytishga esa qiynaladi kishi. Oxirgi yozilayotgan asarlar bir xil, maishiy mavzularda bo`lib qoldi. Abdulla Qahhor, Uyg`un, Izzat Sulton, Komil Yashin, O`lmas Umarbekov singari dramaturglarimiz ajoyib asarlarni yozib qoldirishdi.
Ilgari ana shunday buyuk yozuvchilarimizning asarlari ham teatr “laboratoriyasi”da “pishib”, keyin sahnaga olib chiqilardi. Dramaturglar to asari sahnaga olib chiqilmaguncha, teatrdan ketmas edi. Mana, bugun o`sha asarlar sahnadan tushmay kelyapti. Masalan, istalgan sohadagi bugunning zamonaviy qahramonini olib chiqish mumkin. Agar aktyor zo`r bo`lsa, u asardagi sodda, yuki yo`q obrazni ham to`laqonli jonlantira oladi. Agar rejissyor qobiliyatli bo`lsa, jo`n yozilgan asarni ham “pishirib”, sahnaga olib chiqa oladi.
Sahnaga mukofot uchun chiqilmaydi...
Teatrimizning ilk atak-chechak qilgan paytlari, igna bilan quduq qazgandek qilgan ijodiy mehnatlaridan nafaqat o`rnak olamiz, balki yoshlarga ham ibrat tarzida aytib beramiz.
Mustaqillik yillarida boshqa sohalardagi kabi, san`at, aktyorlar faoliyatiga ham katta e`tibor berila boshlandi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, O`zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni kabi mukofotlari bilan kamtarona ijodiy faoliyatim rag`batlantirildi. Mukofot ham, rag`bat ham o`z vaqti-soati bilan qilgan mehnatingizga qarab belgilanadi. Buning uchun yoshlar o`rtamiyona aktyor bo`lib qolmay, ko`proq o`z ustida ishlashi kerak. Bu borada shogirdlarimizga o`rnida tanbeh berib, o`z vaqtida tanqid qilib turamiz.
Ustoz san`atkorlar darajasidagi aktyor bo`lish uchun sahnada xuddi ular singari yurakni berib, yonib ishlash kerak. Ijodimning jadal o`sishi, ravnaq topishida ustozlarimizning ko`magi katta bo`lgan. Bizning davrimizda Nabi Rahimov, Olim Xo`jaev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Zamira opa, Zaynab Sadrieva, Ikroma Boltaeva kabi alohida darg`alar bo`lsa, ulardan keyin Yayra Abdullaeva, Iroda Alieva, Sveta Norboeva, To`ti Yusupova, Yoqub Ahmedov singari alohida durdonalar qoldi. Bizdan keyin ham hech bo`lmaganda mana shunday qo`l bilan sanoqli haqiqiy fidokor aktyorlar qoladi, deb umid qilaman.