1

Yuragimda saqlaganlarim: “O`tmishni ko`zingizga boqib unutay...”

Mutolaa 26.01.2016, 14:26
Yuragimda saqlaganlarim: “O`tmishni ko`zingizga boqib unutay...”

Ushbularni sizga so`zlab berishimga eng kichik bolam sababchi bo`ldi. To o`shangacha sira o`ylab ko`rmagan ekanman. Endi ortga nazar solib, o`zimni qo`yarga joy topa olmay qolyapman. Hayotim bir-bir ko`z o`ngimdan o`tkazarkan, yuragimda saqlab yurgan so`zlarim beixtiyor tilga ko`chadi...

— Kontuj, tentak! — ortimdan so`kinib qoladi boshliq.

Miyam g`uvillab, quloqlarimda sanchiq turadi, ko`zlarim achishadi. Dunyo ko`z oldimda ostin-ustun bo`ladi. Jang maydoni, o`liklar, yarador askarlarning ingrashi, o`qning chiyillagan tovushini tuygandek bo`laman.

“Shu ko`yga o`zim tushdimmi? Bekor yurmagandirman, Ffg`onda? Urush ko`rmagansan-da, osongina “kontuj” deysan! Yaramas! Boplab yuzingga musht tushirsam edi...”

Xayolimdan o`tgan bu gaplarlardan qo`lim tugiladi. Pishqirgudek bo`laman. Shayton ortimga qaytishim, xumordan chiqquncha do`pposlashimni buyuradi. Yana o`zimni bosaman. Beting-ko`zing demay so`kkanim taskin beradi. Ha, rahbarim bilan umuman ishxonada kim bilandir chiqishmay qolsam, o`zimni bosa olmayman. Ixtiyorimdan tashqarida bo`ladi bu. Ne qilay, umrimning gul davrini qon kechib o`tkazgan bo`lsam! Axir afg`on urushida yurgan vaqtimda ayni yigirma yoshda edim. Xunrezliklar, jon olib-jon berishlar, dahshatli o`lim manzaralari ruhimda o`chmas, azobli bir iz qoldirganki, har asabiylashganimda suv yuziga qalqqan po`kakdek o`zini namoyon qiladi.

O`sha kayfiyatda uyga kelaman. Hali o`n beshga ham kirmagan o`g`lim mollarni suvsiz qoldirgan yoki xashak solishni unutgan bo`ladi. Bola-da!

Ammo bunday paytda mening miyam shunaqa ishlaydiki, uning bolaligini unutaman:

— Xayoling qaerda edi, yaramas! Odam bo`lmaysan, sen! Urib o`ldirib qo`ysammi?

Sho`rlik dilbandimning mo`ltiragan ko`zlari ham ruhimda isyon qilgan bu “kasallik”ni yo`qota olmaydi. Qonga to`lgan ko`zlarimni uning ma`sum nigohlariga qadab baqiraman:

— Qachon ishlaydi sening mana bu miyang? — ko`rsatgich barmog`imni bukib, uning boshiga nuqiyman. — Qachon esdan chiqarmaydigan bo`ladi?

Akasiga rahmi kelgan qizim qo`rqa-pisa deydi:

— Dada, choy ichasmi? Kiring, damlab beraman.

O`nga kirgan qizimga ham begonadek muomala qilaman:

— Men aldamoqchi bo`lyapsanmi? Aldab, akangni qutqarmoqchimisan? Sen nima ish qilding? Senam qarasang bo`ladi-ku!

Uning ko`zlari pirpiraydi. Yig`lamoqdan beri bo`ladi. Xuddi rahm kutgandek hadik bilan ko`zlarimga boqadi.

— Nega ko`zingni lo`q qilasan? — baqiraman yana.

Fe`limni bilgan xotinim bunday paytda qorasini ko`rsatmaydi. Chunki kaltak eb qolishi ham hech narsa emas. Ammo men o`zimga kelganimda xotirjam tortib, oilam davrasida o`tirganimizda ba`zan farzandlarimizga nasihat qilib qoladi:

— Dadang ba`zan baqiradi. Shunday paytda jim turinglar. Dadang urush ko`rgan. Qiynalgan. Shuning uchun tushunish kerak. Aslida sizlarni juda yaxshi ko`radi. To`g`rimi, dadasi?

Buni qarang, shunday paytlarda ham bolalarimning ko`nglini ko`tarish, qalbimda faqat nafrat emas, mehr ham borligini bildirish o`rniga tag`in zahrimni sochaman:

— Bular nimaniyam bilardi? Hali katta bo`lsa ham bir ishni eplamaydi. Bir umr boqsam kerak, shu holimda.

Bolalarim dasturxondan bosh ko`tarmaydi. Miq etmay, so`zimni tinglaydi.

Ayolim esa men boshqa xonaga o`tib ketganimda ham meni oqlashdan to`xtamaydi:

— Dadang uch marta o`limdan qolgan. O`q tekkan. Oson emas, ajal bilan yuzma-yuz kelish. Shuning ta`siri bor haliyam. Iloji bo`lsa, ishxonadan jahli chiqib kelganda, asabiga tegmanglar...

Mening hayotim ana shunday edi. Qarindoshlar, qo`shnilar, kasbdoshlar hamma-hammasi bilan...

Ularning qay biri tutab turgan vaqtimda duch kelsa, ayab o`tirmasdim. Xuddiki, ruhimdagi bu g`alayonga ular aybdordek.

Yana shuni bilardimki, ular orqavorotdan doim “Kontuj-da! Bularniki tuzalmas! “Qo`zib” turadi-da! O`lguncha shu endi bular!..” deyishadi.

Goh buni eshitmaslikka olaman, ba`zida buralab so`kaman.

Xullas, mana shunday jilov bilmas, bosilmas g`azabimdan  qo`rqibmi yo bolalarimizga rahmi kelibmi, xotinim ikki farzandimizdan keyin tug`maslikka qaror qildi. Buni ham noto`g`ri tushundim.

— Ha, “O`zi tentak, bolasi go`r bo`larmidi”, dedingmi? Jinnilarning sonini ko`paytirishga qo`rqdingmi? — dedim alam bilan.

— Nega unaqa deysiz? Ana, ikki bolangiz havas qilgulik-ku! Ikkisini eson-omon katta qilsak, o`qitsak, odam qilsak bo`ldi-da... — bosiqlik bilan dedi ayolim.

Lekin bandaning emas, Xudoning aytgani bo`larkan. Bundan uch yil oldin yana bir jajji qizaloqqa ota bo`ldim. Endi bilsam, uni Yaratgan Egam mening ko`zimni ochish uchun bergan ekan.

Tabiiyki, bu qizcham ham go`dakligimdan mening baqir-chaqirlarimga, zulmlarimga guvoh bo`lib o`sdi. Rafiqam esa uning ham qulog`iga mening uzoqlarda bo`lganim, odamlar bilan urishganim, shuning uchun boshim og`rib, shunaqa baqiraveradigan bo`lib qolganim haqida ko`p bora quygan.

Bunga qishda, shamollab yotib qolganimda amin bo`ldim. Bu kunni bir umr unutmasam kerak. Issig`im chiqib, tomog`im bug`ilganidan zo`rg`a nafas olib yotgandim. Bundan bexabar, ishxonadan bir kasbdoshim qo`ng`iroq qildi:

— Bahona qilib yotibsizmi, shuncha ishni bizga tashlab! Keling-e, yotavermay...

Birdan miyamga qon tepdi. Ko`zimdan o`t chaqnagandek, quloqlarim chiyillagandek bo`ldi. Uni so`kishga tushib ketdim. Yaxshiki, u aloqani uzib qutildi. Baloga esa har doimgidek bolalarim qoldi:

— Nega baqrayib turibsan? Bor, mollarga qara!

— Hozir qarab keldim.

— Yana qara! Mushtdek bo`lib gap qaytaradi, bular! Hali katta bo`lsa nima bo`ladi, bilmayman!

Sovuq bo`lishiga qaramay, o`g`lim ham, katta qizim ham uydan chiqib ketdi. Ayolim esa allaqachon gum bo`lgan. Faqat kichik qizim bag`riga qo`g`irchog`ini bosgancha munchoqdek ko`zlarini tikib, sal narida o`tiribdi. Endigina uchga kirgan shu go`dakni ham qo`rqitmay deya, tishimni tishimga bosib, ko`zimni yumdim. Ancha yotdim. Bir payt peshonam uzra jajji qo`lcha harakatlandi. So`ng quloqlarim ostida past ovozda shivirlash boshlandi. Tovushda achinish va rahm zohir edi:

— Bechoragina dadam. Boshi qattiq og`riydi. Shuning uchun baqiradi. Akam bilan opacham qo`rqadi. Men qo`rqmayman. Qo`rqmay, boshini silayman. Bechora dadamga qaraydigan odam yo`q. Boshi og`riganda hech kim qaramaydi. Hamma ketib qoladi. Ayam ham dori bermaydi. Dori esa boshi og`rimaydi, keyin baqirmaydi-ku!

U yana bir nimalar dedi. Mening esa ko`zlarim yoshlandi. Uning jajji qo`lchalarini kaftimga olib o`parkan, o`zini bag`rimga bosdim:

— Endi baqirmayman, bolam! Mening bu holga tushishimga sizlar aybdor emassiz. Endi boshim og`risa, sizlarga qarab davo izlayman! Bor g`amimni ko`zlaringizga qarab, unutishga harakat qilaman. Hammasini! O`tmish bilan yashab bo`lmaydi.

Shundan buyon iloji boricha bolalarimga yaxshi gapirishga harakat qilyapman. Baribir kattalarimning ko`zlarida hadik bor. Nega shu paytgacha ularga zahrimni sochdim, o`zim ham tushunmayman. Endi esa vijdonim azob bermoqda. Mening bu ko`yga tushimda ularning aybi yo`q edi-ku! Bilaman, o`tmishning ezg`ilashidan hayotini zardobga to`ldirib yurgan bir men emasman. Mening kabi sobiq askarlar ko`plab topiladi. Ularga demoqchi bo`lganim, ortga qaramang. Bugunni ko`ring, qanday go`zal hayot kechirmoqdamiz. Kelajak esa bugundan-da porloq. O`zingizni ham, boshqalarni ham men kabi qiynamang...

Sobiq askarning so`zlarini KAMINA oqqa ko`chirdi

 

 

  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1