AsosiyIqtisodiyot

Markaziy bank firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo`lishga chaqirdi

'Markaziy bank firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo`lishga chaqirdi'ning rasmi

Axborot texnologiyalari keng qo`llanilayotgan hamda moliyaviy xizmatlar iste`molchilari bilan o`zaro munosabatlarda masofaviy xizmat ko`rsatish kanallari kengayib borayotgan hozirgi sharoitda ishonuvchan hamda moliyaviy savodxonlik darajasi etarli bo`lmagan fuqarolarga nisbatan firibgarlik harakatlari kuzatilmoqda.

Bu kabi firibgarliklar bank kartasi egasining xabarisiz uning karta hisob varag`idan pul mablag`ini echib olish, parol va PIN-kodlarni o`g`irlash va boshqa noqonuniy faoliyat turlari bilan bog`liq.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste`molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlikning quyidagi belgilaridan ogoh bo`lishga chaqiradi:

1. Ishontirish maqsadida o`zini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki biron savdo tashkilotining xodimi sifatida tanishtiruvchi begona shaxslardan qo`ng`iroq bo`lishi, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xabarlarning kelib tushishi;

2. Turli sovg`alar g`olibiga aylanish, sizning foydangizga har qanday mablag`larni o`tkazib berish yoki tovar va xizmatlarni jozibador shartlarda sotib olish kabi go`yoki juda foydali va kutilmagan imkoniyatlarning taklif etilishi;

3. Yutuqlarni keyinchalik bank kartasiga o`tkazib berish sharti bilan turli xil so`rovlar va lotereyalarda ishtirok etish taklif qilinishi;

4. Yutuqlarni qabul qilish yoki tovar va xizmatlar uchun to`lovlarni amalga oshirish maqsadida turli mobil ilovalarni o`rnatish yoki havolalar orqali bank kartangiz yohud shaxsiy ma`lumotlaringizni kiritish to`g`risida takliflar berilishi;

5. Hisobvarag`ingizdagi pul mablag`lari yo`qolishi mumkinligi haqida qo`rqitish va tezkor qaror qabul qilishga majburlovchi ruhiy bosim o`tkazish holatlari;

6. Hisobingizga xatolik bilan pul mablag`i o`tkazib yuborilganligi va ushbu mablag`larni qaytarishni so`rab qo`ng`iroq qilish holatlari.

“Telefon firibgarlari” o`ylash uchun vaqt qoldirmay, turli gaplar bilan chalg`itib, karta ma`lumotlaringizni ayyorlik bilan qo`lga kiritadi yoki yolg`onlariga ishontirib, pul mablag`larini ularga o`z xohishingiz bilan o`tkazib berishga undaydi.

Shu sababli, O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste`molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati firibgarlarning turli bahonalar bilan bank kartangiz ma`lumotlarini (karta raqami, PIN-kod, shuningdek, SMS-kod va boshqa shaxsiy ma`lumotlar) bilib olishga urinishlariga javob bermaslikka chaqiradi.

Shuningdek, bank xodimlari qo`ng`iroq qilish, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlarda xabar yuborish orqali bank kartasi egasidan uning kartasiga tegishli va boshqa shaxsiy ma`lumotlarni so`ramasligini ma`lum qilamiz.

Firibgarlar “tuzog`i”ga tushib qolishning oldini olish va mablag`laringiz xavfsizligini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste`molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati quyidagilarni tavsiya qiladi:

O`zini bank, huquqni muhofaza qilish idorasi yoki biron savdo tashkiloti xodimi deb tanishtirgan notanish fuqarolardan qo`ng`iroq bo`lganda, ularning so`zlariga yoki ko`rsatmalariga amal qilishga shoshilmang va shaxsiy ma`lumotlaringizni oshkor qilmang. Yaxshisi, suhbatni tugating va qo`ng`iroq qiluvchilar aytgan tashkilot bilan qayta bog`lanib, ular tomonidan sizga berilgan ma`lumotlarning to`g`ri yoki noto`g`ri ekaniga aniqlik kiriting;

Har qanday sharoitda ham bank kartangiz to`g`risidagi ma`lumotlarni (karta raqami, PIN-kod, bank kartasining old qismi rasmlari) hamda o`z shaxsiy ma`lumotlaringizni begona fuqarolarga oshkor qilmang va yubormang;

O`zingizga tegishli bo`lgan bank kartasi ma`lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilmang;

Maxfiy ma`lumotlarni kiritishingiz, ro`yxatdan o`tishingiz kerak bo`lgan saytlarda HTTPS:// prefiksi mavjudligini tekshiring;

Agar tashkilotlarning sayti yoki sahifasi haqiqiyligiga shubha qilsangiz, ushbu tashkilot bilan bog`laning va ma`lumotlarga aniqlik kiriting;

Imzolanadigan barcha hujjatlarni diqqat bilan o`qing, ko`rsatilgan ma`lumotlarning to`g`riligini qayta tekshiring;

Ushbu oddiy tavsiyalarni yoshi ulug` qarindoshlaringiz va o`smirlarga tushuntirib boring.

    Boshqa yangiliklar