Senatning o`ninchi yalpi majlisida “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi hamda “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilindi.

Ta`kidlanganidek, “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun bilan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlar va konsolidasiyalashgan Davlat byudjeti prognozlari hamda 2022 – 2023 yillar uchun byudjet mo`ljallari belgilanmoqda.
Makroiqtisodiy siyosatning asosiy yo`nalish va ko`rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.
Bunda asosiy e`tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, fiskal rag`batlantirish choralarini mo``tadillashtirib borish, iqtisodiy o`sish sur`atlarining 5 foizdan yuqori bo`lishini ta`minlashga qaratilgan.
Inflyasiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida bo`lishi prognoz qilinmoqda.
Ushbu rivojlanish ko`rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish nazarda tutilgan.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, 2021 yilda Konsolidasiyalashgan byudjet daromadlari 178,5 trln. so`mga yoki yalpi ichki mahsulotning
25,9 foizi darajasida prognoz qilingan.
Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln. so`m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg`armalari daromadlari 26,2 trln. so`m, xarajatlari esa 40,8 trln. so`m miqdorida rejalashtirilgan.
Davlat maqsadli jamg`armalariga respublika byudjetidan 15,9 trln. so`m mablag` ajratish ham belgilangan.
Jumladan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi daromadlari 23,5 trln. so`m, xarajatlari 36,5 trln. so`mni tashkil etgani holda byudjetdan 14,7 trln. so`m ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga, xususan, ta`lim sohasi xarajatlariga 34,6 trln. so`m, Sog`liqni saqlash sohasiga 19,6 trln. so`m, Madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 2,6 trln. so`m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,2 trln. so`m yo`naltirish rejalashtirilgan.
Davlat dasturlari orqali esa uzluksiz ta`lim tizimini rivojlantirish dasturlari uchun (2 197 mlrd. so`m), fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun (168 mlrd. so`m) aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini oshirish uchun (3 952 mlrd. so`m) mablag` ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish choralari doirasida Qonunda ilk bor birinchi darajali byudjet mablag`larini taqsimlovchilari byudjetida davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag`lar alohida ko`rsatilishi nazarda tutilganini qayd etish lozim.
Bundan tashqari, majlisda ta`kidlanganidek, “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun bilan byudjet tizimi va byudjet jarayonini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.
Ushbu choralarning Byudjet va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslar hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to`g`risida”gi qonunlarga tegishli o`zgartish kiritish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Bunda Byudjet kodeksiga kiritilgan o`zgartish bilan byudjet jarayonining shaffofligini ta`minlash tartibi buzilgan hollarda vazirlik va idoralar rahbar xodimlariga jarima qo`llanilishi belgilanmoqda.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga Davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining ijrosi haqidagi hisobotni taqdim etmagan, byudjet jarayonining shaffofligini ta`minlash tartibini buzgan vazirlik va idoralar rahbarlariga jarima qo`llash bo`yicha o`zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, majlisda “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko`rib chiqildi.
2021 yilda soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish orqali soliqlar yig`iluvchanligiga erishish Qonunning asosiy maqsadidir.
Shunga ko`ra, “O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun va O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o`zgartish kiritilmoqda.
Soliq kodeksi normalarining to`g`ridan-to`g`ri amal qilishini ta`minlash maqsadida tegishli soliq stavkalarini bosqichma-bosqich bazaviy stavkalarga etkazishni nazarda tutuvchi o`zgartishlar ham kiritilmoqda.
Senat a`zolari tomonidan mazkur qonunlar ma`qullandi.






