Prezident Shavkat Mirziyoev 23 dekabr kuni investisiyalar va tashqi savdo sohasidagi ishlar natijadorligi hamda 2021 yilga mo`ljallangan asosiy vazifalar muhokamasi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Yig`ilishda davlatimiz rahbari 2021 yil ham iqtisodiyot uchun oson bo`lmasligini, shu bois investisiyalar jalb qilish, o`zlashtirish va eksport prognozlarini ta`minlash, import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko`paytirish uchun hozirdanoq aniq, manzilli choralar ko`rish zarurligini ta`kidladi.

Kelgusi yili 7,5 milliard dollardan ziyod to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish maqsad qilingan. Yig`ilishda ushbu mablag`ni har bir loyiha bo`yicha to`liq va muddatida o`zlashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Bunday sarmoyalar hisobiga 226 ta yirik loyihani o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo`yicha aniq choralarni ko`rish topshirildi.

Shuningdek, 69 ta istiqbolli yangi sanoat loyihasini sifatli amalga oshirib, iqtisodiyot o`sishiga qo`shimcha zaxira yaratish vazifasi qo`yildi.
1 yanvardan boshlab, xalqaro moliya institutlari kredit mablag`lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo`yicha yangi tizim joriy etish, har bir loyihada belgilangan mablag`larni samarali o`zlashtirish va natijadorligini ta`minlash maqsadida “Loyiha ofislari” rahbar va xodimlari malakasini oshirish va ularni o`qitish muhimligi ta`kidlandi.
Kelgusi yili eksport hajmi 17 milliard dollar atrofida bo`lishi prognoz qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga eksport shartnomalarini hozirdanoq tuzish, 1 yanvardan Eksportni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan eksportoldi moliyalashtirish tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda Investisiyalar va tashqi savdo vaziri hamda uning o`rinbosarlari ushbu vazifalarni bajarish bo`yicha rejalari yuzasidan axborot berdi.







