AsosiySUG'DIYONA

Xosiyat Xusanova: “A`lo darajadagi pazandaman, deyolmayman”

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Xosiyat Husanovaning rollarini kuzatar ekanmiz, ko`pincha namunali uy bekasi, qattiqqo`l qaynona rollarini ijro etishiga guvoh bo`lamiz. Aktrisani bugun “O`zbegim oshxonasi” loyihasiga taklif etar ekanmiz, filmlarda kelinlarga talabchan “qaynona”ning o`zi pazandami degan savolimizga javob olmoqchi bo`ldik.  Demak bugun Xosiyat Husanovaning aktyorlik mahoratini emas, pazandalik iqtidorini sinovdan o`tkazamiz.

— Aslida o`zimni a`lo darajadagi pazanda ayolman deb maqtanolmayman. Biroq oila a`zolarimni shirin taomlar bilan siylab turishni bilaman (kuladi). Uydagilar ko`proq xamirli taomlarni yaxshi ko`rgani uchun dam olish kunlari va bayramlarda ularning  xohishidan kelib chiqib manti, lag`mon kabi uyg`ur taomlarini pishirib beraman. Bugun ham “Darakchi” mushtariylariga mashhur “Ko`za sho`rva”ning tayyorlanish sirlarini o`rgataman. Bundan tashqari uyg`ur taomlaridan biri “Sumboro”ni pishirish sirlari  bilan ham bo`lishmoqchiman O`ylaymanki, bu taomlar resepti uy bekalari uchun asqotadi.

Birinchi taom — “Ko`za sho`rva” 

Ikki kishilik  “Ko`za sho`rva” uchun kerakli masalliqlar:

100 gr. go`sht.

100 gr. ivitilgan no`xat.

2 dona kartoshka.

1 donadan qizil sabzi, piyoz, pomidor, bulg`or qalampiri.

Ta`bga ko`ra tuz va ziravorlar

Ko`zani yaxshilab yuvamiz, keyin go`shtni o`rtacha kattalikda 5 bo`lakka bo`lamiz. Keyin piyozni maydalab to`g`rab, go`sht yonidan joylaymiz. Ustidan bir yarim osh qoshiq ivitilgan no`xat qo`shiladi. Kartoshkani ikkiga, sabzini esa yarim dumaloq shaklda to`g`rab ko`zachadagi boshqa mahsulotlarga qo`shamiz. Pomidor va bulg`or qalampirini ham o`rtacha kattalikda bo`laklab solamiz. Eng so`nggida esa suv, ta`bga ko`ra zira, murch, tuz va kashnich urug`ini solib, ko`zachani 200 daraja haroratda qizib turgan, gaz pechiga joylaymiz.

Muhim!

“Ko`za sho`rva” taomi mahsulotlarini yuqorida tilga oilngan tartibda joylashtirishga ahamiyat bering. Chunki bu tartib mahsulotlarning pishish tezligini inobatga olgan holda tanlangan. Masalan, go`sht sabzavotlarga qaraganda sekin pishadi, shu sabab u ko`zaning eng tagiga qo`yiladi.

Bu taom vaqt kam paytda tansiq taom tayyorlash kerak bo`lgan paytda juda asqotadi.  Tezda barcha mahsulotlarni ko`zaga joylab pechga qo`ygach, bemalol boshqa yumushlar bilan mashg`ul bo`lish mumkin.

IKKINChI TAOM — “SUMBORO”

Endi ikkinchi taomga undasak ham bo`ladi. “Sumboro” uyg`ur oshxonasining eng mazali va talabgir toamlaridan biri.

 Bir kishilik  “Sumboro” uchun kerakli masalliqlar:

400 gr go`sht.

2 dona piyoz

Soya

Marinadlash uchun:

100 gram kraxmal

xitoy tuzi, ziravorlar.

1 dona tuxum kerak bo`ladi.

Go`shtni parraklab to`g`rab, marinadlash uchun mo`ljalangan zirravorlar bilan yaxshilab aralashtiramiz. Keyin tuz va ziravorlar singishi va yumshoq bo`lib pishishi uchun go`shtni 10-15 daqiqa tindirib qo`yamiz. Piyozni esa to`rt bo`lakka bo`lib, qatlamlari orasini ochib chiqamiz.

Marinadlangan go`shtni tovada qizib turgan yog`da 2-3 daqiqa qovuramiz. So`ngra piyozni ham solib yana 2-3 daqiqa qovurishda davom etamiz.  Keyin esa ikki osh qoshiq soya va 50-100 gr. qaynagan suvni qovurilayotgan mahsulotlar ustidan quyamiz. Mahsulotlarni tovani siltagan holatda aralashtiramiz (qoshiq bilan emas). Buning oqibatida esa tova tagidagi olov yog` ta`sirida ichiga ko`chadi. Ya`ni, qovirilayotgan go`sht va piyoz ham ustidan ham tagidan yonib turgan olov ta`sirida pishadi. Bu usul taomga o`zgacha ta`m berish uchun qo`llaniladi va 10 daqiqa davom etadi.

Tayyor bo`lgan taomni bodring va sabzi bilan bezatib dasturxonga tortsangiz u yana ham ishtaha ochar ko`rinish oladi. 

Muhim!

Piyoz ko`p qovurib yubormang, sabzavot chala pishgani ma`qul.

Soya qo`shilgach, mahulotlarning seli chiqadi va shu sabab taom chuqurroq likopchada tortiladi.

SABZAVOTLARGA BEZAK BERAMIZ

Bu ikki taomni ham vitaminlarga boy sabzavotlar bilan tanavvul qilinsa yana ham  foydali bo`lishi aniq. Shu sabab sabzavotlarni oddiy va oson bezatish usuliga ham to`xtalamiz.

Buning uchun 1 donadan bodring, pomidor va bulg`or qalampiri va ko`katlar kerak bo`ladi.

Bodring va pomidorni 6 bo`lakka bo`lamiz. Bulg`or kalampirini parrak shaklida  to`g`raymiz. Bo`lingan sabzavotlarni o`z tasavvuringizdan kelib chiqqan holda bezatishingiz mumkin. Men bodring va pomidor bo`laklarini ketma-ketlikda gul shaklida joylashtirishni xushlayman. Ko`katlarni 10-20 sm. uzunlikda kesib likopning o`rtasiga qo`ying. Ko`rib turganingizdek oddiy mahsulotlarni ham dasturxonga chiroyli bezatib, tortish mumkin.

Aliya Sulaymanova tayyorladi

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar