Taniqli suxandon Muslimbek Yo`ldoshev o`zining Facebook'dagi sahifasida do`sti Abdumo`min O`tbosarovni xotirlab yozgan so`zlari yuraklarni junbushga solmay qo`ymaydi. Bugun taniqli suxandon Abdumo`min O`tbosarovning vafot etganiga roppa-rosa bir oy to`ldi.
"Tushimga Abdumo`min kiribdi. Ko`rinishi xotirjam. Kulrang kostyumda. Sochlari oppoq oqarib ketgan emish. O`zi judayam ozib ketgan. Lekin charchagan, kasalmand emas. Yoshligidagiga o`xshash ixcham. Men o`zimcha aytarmishman: Sochi oqarganiga moslab, kulrang kostyum kiyibdi. Qoramtirroq bo`lsa, sochi oqargani yaqqol bilinib qolardi, dermishman...
Men karomatchi ham, ta`birchi ham emasman. Lekin, odam bolasi hamma narsadan ham yaxshilik ko`rishga intiladi - ayniqsa tushlarimizdan.
Sochlari oqarganini "oqlik" ka yo`ydim. Butun umr xalqqa va yurtga xizmat qilgan odamning oxirati oqqa burkanganiga ishorat bu, dedim... Ozganini ham uning u dunyodagi "ishi" - savol-javoblari "engil" ko`chganiga ishorat deb bildim. Iloho, shunday deb ishonaman. Chunki "noumid -shayton" deb bejiz aytilmagan. Bugun, do`stimning bu dunyo tashvishlarini tashlab ketganiga bir oy bo`ldi. Oxirati obod bo`lgani rost bo`lsin. Omin!
Quyida ming yil oldin olingan bir fotosuratni e`lon qilayapman. Laylak qorlar er yuzini oqlikka burkayotgan lahzalarda Chorbog`da tushilgan...
MO`MIN, MO`MINJON!..
Muxlislardan uzr so`ragan holda yana qayg`uli mavzuda yozishga majburman. Oramizdan yana bir munosib inson, mohir suxandon, o`z ishining ustasi, jamoat va jamiyatda hurmat qozongan, bosgan qadamida odamlarga yaxshilik ulashib yurgan qadrdonimiz - Abdumo`min O`tbosarov ketib qoldi. O`ttiz yildan ortiqroq elkama-elka ishladik. O`tgan yillar davomida ne erlarga qadamimiz etmadiyu, ne insonlar bilan hamsuhbat bo`lmadik. Qanchadan-qancha ko`ngilli yo ko`ngilsiz voqea va hodisalar oqimida birga suzdik. Oldinma-keyin sochimizga oq tushdi. Ketma-ket unvonlar, mukofotlarni qo`lga kiritdik. O`zimiz ham, farzandlarimiz bilan birga ham tog`lar oshdik, ko`ngilga erk berdik. Qaerda yurmaylik, uyimizni, ishimizni, demakki burch va vazifamizni bajarishni oldingi qatorga qo`ydik.
Ollohim odam zotiga na farishtalariyu va na boshqa maxluqotiga bermagan ne`matlarni ato etgan. His-tuyg`u, muhabbat va nafrat, adolat va jaholat, sadoqat va xiyonat. Kelib - ketarimizda ularning qay biri bizni o`ziga og`dirib olganiga qarab, orqamizdan yo gul va yoki tosh otiladi.
Orqasidan gul otiladigan odamlardan biri Abdumo`min edi. U mening do`stim edi. Qadrdonim edi. Qiyomatligim edi. Shogirddan hamkasb, hamkasbdan - do`st, do`stdan - jigarlik darajasiga sazovor bo`la olgan ukam edi. Ollohga qasamki, men ikkita katta o`g`limga, ba`zi-ba`zida esa, haddim siqqan yana boshqa jiyanlarimga doimo uni misol qilib, namuna, yigitning etaloni sifatida keltirardim. Mehnatkashligi, halolligi, intiluvchanligi, ishbilarmonligi va oilaparvarligi menga juda yoqardi. Umuman, u nima qilsa, menga ma`qul bo`laverardi. Chunki mening o`zim shunaqa edim. Dushmanim - dangasa, tanbal odam. Yomon ko`rganim - bekorchilikda salanglagan kishi. Uyam shunaqa edi. Mana, xoh ishoning xohi yo`q, yigirma yilga yaqin "Chorbog`"dagi dala hovlimizga chiqib dam olamiz. Lekin biron marta kunni salanglab, bekorchilikda qarta yoki narda o`ynab o`tkazmaganmiz. Yo mazmunli va keti ko`rinmas suhbatlar qurar, yo birgalashib ketmonu belkurak, gulqaychiyu arralarni ishga solib bog`bonlik qilardik. Juda bo`lmaganda gohi birgalashib, gohi alohida-alohida kitobxonlikka muk tushardik. Ammo asosiy mashg`ulotimiz, bolalikda o`rganolmaganimiz, oshxona ilmining sir-asrorlarini tavakkal o`zimizda sinash - pazandalik qilish bilan dam olardik. Pishirgan taomimiz o`xshasa, maza, o`xshamayroq chiqib qolsa, ko`z va qo`lni o`rgatganimiz foydaga qoladi, deya har turlik ovqatlarni tayyorlab ko`rardik. Bir gal u qiyma dumalok qilib berardi. Bu "fransuzcha tefteli" deyiladi aslida. Biz uni o`zlashtirib va "o`zbekchalashtirib", "Fransuzskie tefteli po bostandkski" degan atamalar yasab olib, o`zimizni kayfiyatimizni ko`tarardik. Bir gal men unga o`zbekchalashtirilgan "rassolnik" - perlovka (arpa yormasi) sho`rva qilib berardim. O`zbekchaligi shuki, sal go`shtliroq va iligi to`laroq bo`lardi. Onamdan qolgan shokosalarga suzib kelsam, shunaqangi bir ishtaha bilan ichib olardiki, har qanday oshpazning havasi kelib ketardi.
Agar, o`sha dala hovli sharoitida erinmasdan shilpildoq qilib bergan, desam, balki ishonmassiz! Lekin bunga guvohlarim bor. Gap ovqatdamas. U ovqatxo`r, dasturxonparvar, choyxonabop yigit emasdi. Gap shavqda! Shavqli yigit edi.
Menga uning bunyodkorligi yoqardi. U yo`q narsalarni bor qilishni yaxshi ko`rardi. Bir xillar yo`q gaplarni tarqatib, odamlarni urishtirib qo`yib, janjal-to`palonni bir chetdan tomosha qilib, maza qiladi. U esa avval kooperativ kvartira bunyod qildi. O`sha yillar men ancha yayrab qoluvdim. Chunki u "Lisunova" dahasidan, menga juda yaqin bo`lgan "Jarariq" dahasiga ko`chib keluvdi. Shundoqqina yaqinimda turardi. Ko`p ko`rishardik. Lekin shaharning chekkasi bo`lgani uchun ishimizga juda ham noqulay edi. Shuning uchun u markazdan boshqa kvartira sotib oldi. Bu erni sotib, yangi kvartirasini ta`mirlab, o`sha erga ko`chib o`tdi. Men yana xursand bo`ldim. Chunki odamlarning ko`pchiligi o`z huzur -halovatini buzmasdan, bitta ayvoncha yoki oshxona qurmasdan bu dunyodan o`tib ketishyapti. Men ularni ham yaxshi taniyman. O`ligini tashlab olgancha, "ana, ukam qilsin", yoki "bolalar katta bo`lsa o`zi qivoladi" deb televizor oldida ag`anab yotganlarning manzillarini beraman, kerak bo`lsa. Lekin Abdumo`min tinim bilmaydiganlar toifasidan edi. Axir rosti ham shu emasmi. Bir marta yashaydigan shu umrni chiroyli, munosib yashab o`tganga nima etsin! "Men o`n sakkiz ming olamni bunyod qiluvdim. Bandam, sen hayotingda nima bunyod qilding," deb bir kuni Yaratgan so`rab qolsa, nima degan odam bo`lamiz? Abdumo`min shu taxlit o`z hayotini chiroyli qilishga urinib yashadi. Va buning uddasidan chiqdi ham. Keyin u "Bodomzor"dan bir to`kilgan hovlini sotib olib, uni tagidan tekislab tashladi-da, o`rnida ikkala o`g`liga etar darajada chiroyli, zamonaviy, ko`rkam va har tomonlama qulay uy qurib oldi. Xursandligim, ko`ngil xotirjamligimning cheki bo`lmadi. Bunyodkor degani mana bunday bo`pti!
Bu uyida ham tuz-nasiba totib ko`rishga muyassar bo`ldik. Faxrlandim. Shukur qildim. "Ey, bor xudoyo, shunday do`stga ro`para qilganingga shukur! Shu safar adashtirmaganingga, yuzimni shuvut qilmaganingga shukur!" dedim. Adashgan paytlarim ham bo`lgan, misni tillo deb yurganman.
Ona degan zot ikki chaqirim naridan yoningizdagi odam sizga do`st bo`ladimi yo yo`qmi, aytib bera oladi. Ularga bir ilohiy sezgi berilgan. Bu onaning o`z jigarporasini himoyasi uchun ato etilgan tuyg`u - eng kuchli instinkt. Hoji onam ba`zi-ba`zida "Muslimbey, shu o`rtog`ing yaxshi bola. Gap-so`zi durust. Uni ehtiyot qil. U bir so`m sarflasa san ikki so`m sarfla. U bir marta mehmon qilsa san ikki marta siyla. Tiling tez, odamning yuziga aybini shartta gapirasan. Unga bunaqa qilmagin, ayab yurgin" derdilar. Onam, onaizorimning imtihonidan o`tgan do`st edi Abdumo`min. Bilmadim, onam aytganlarini qanchalik uddaladimu, lekin bugun shukur qilamanki, shuncha yil ichida bir nima tufayli xafalashganimiz, tushunmovchilik sabab arazlashganimiz yoki bir hafta yo`qlashmay qolganimiz yo`q. Biz, Abduvahob do`stimiz bilan uni "Mo`min mirzo" deb chaqirar edik. Ular ikkovi meni "hoji bobo" deyishsa, Abdumo`min ikkovimiz Abduvahob akani "qudabuva" deb erkalab chaqirardik. Bizlar nisbatan kattaroq bo`lganimiz uchun ham uning ba`zi bir injiqliklari, yoki holatini tushunishga, e`tibor bermaslikka harakat qilardik. U do`stlik bunyod qila oldi.
U bilan ishlagan ijodkorlar - rejissyor va muharrirlar, mualliflar undan doimo ko`ngillari to`lgan tarzda hamkorlik qilishgan bo`lishi kerak. Chunki u engil-elpi ish qilmasdi. O`zi boshqalarni doimiy nazoratda ushlab turadigan odam, qanday qilib chala-chatti ish qilib ketishi mumkinligi aqlga sig`maydi. Televidenieda, telefilmda, kinoda va radioda yaxshi ishlar qilib ketdi. Shu unga nasib etdi. Bundan ham ko`prok bo`lishi mumkin edi, ijodiy ishlari. Lekin majburiyati, talabgirligi bois, katta-katta ommaviy tadbirlarda ko`proq band bo`lishiga to`g`ri kelardi-da. Shunga qaramay, radiodagi oxirgi ishlaridan biri - "Amir Temur siymosi" radiofilmi bo`ldi. Pirimqul Qodirov asari asosida tayyorlangan bu ishi Abdumo`min O`tbosarovning haqiqiy suxandonlik ishi, informasiyaviy yoki publisistik emas, badiiy ishi bo`ldiki, bu uning O`zbekiston xalq artisti unvoniga loyiq va shuni oqlaydigan ijodiy ishi edi va men bundan yana bir bora xursand bo`ldim. Bugun, u olamdan o`tib qolganida esa, mana shu ishidan yana bir marta qoniqish hosil qildim. Chunki aynan mana shu radiofilmi avlodlarga qoladigan ish bo`ldi. Ijodida yangi sahifa bunyod qildi. Son-sanoqsiz "Axborot"larni esa, ana, "qotirib yotishibdi" suxandonmaslar.
Mo`min, Mo`minjon, nega unday qilding, a? Hali qancha-qancha ishlaring bor edi, rejalaring bor edi. O`zing 55 yoshga kirgan bo`lsangu ikki pahlavon o`g`lingni oldingga solib olgan bo`lsang ham, olam-olam orzularing bor edi. Boshingga har xil ko`rguliklarni solishsayam, hafsalang pir bo`lmovdi. "Bor-ey", deb qo`l siltab ketvormovding, ishingdan. "O`shalar ishlasin, men ularga o`gayman", demovding. Sabring, bardoshing etmadimi a, ukam?
Aytgin, do`stim, aytaqol, jigarim, bu gal nima bunyod qilding? Biz nima qilaylik? Hayron bo`laylikmi yo vayronligimizcha o`taveraylikmi?
P. S. Abdumo`minga o`xshagan odamlar to`g`risida xalqimiz bir chiroyli ibora to`qigan. "Bir keldiyu, bir ketdi", degan. Abdumo`min singari suxandon, do`st, qadrdon ham bir keldiyu, bir ketdi! Endi bunaqasi bo`lmaydi. Har qalay, mening bu yoshimda...Oxirating obod bo`lsin, jannati Na`yimlarda hurlar ichida qanotlaringni keng olib uchib yurgan bo`lgin, do`stim! Alvido!", deya so`zlarini yakunlaydi Muslimbek Yo`ldoshev.
Abdumo`min O`tbosarovning ohiratlari obod bo`lsin!