1

Qozog`istonlik ayol 15 nafar o`zbekistonlikni 1700 AQSh dollariga pullamoqchi bo`ldi

Jinoyat 05.02.2016, 15:20
 Qozog`istonlik ayol 15 nafar o`zbekistonlikni 1700 AQSh dollariga pullamoqchi bo`ldi

Mamlakatimizda sayohat, mehnat, ta`lim, davolanish yoki boshqa maqsadlarda xorijga chiqishning qonuniy me`yorlari, yo`l-yo`riqlari ishlab chiqilgan. Shuningdek, qonunlarimizda fuqarolarimizning huquq, erk va manfaatlari qaerda bo`lishidan qat`iy nazar himoyalanishi belgilab qo`yilgan. Shu bois, tegishli davlat idoralari tomonidan ko`pgina yurtdoshlarimizning bu borada buzilgan haq-huquqlari tiklanib, qonunbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko`rilayotir.

Biroq, afsuski, ayrim vatandoshlarimizning mavjud qonun-qoidalardan etarli darajada xabardor emasligi nopok, noinsof kimsalarning nafsini qitiqlayotgani ham hech kimga sir emas. Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Ko`kterak qishlog`ida istiqomat qiladigan Elmira Nurmaxanovaning qilmishlari ham bunga misol bo`la oladi. U 1976 yilda Qozog`istonda tug`ilgan, ushbu mamlakatning fuqarosi. Taqdir taqozosi bilan 1994 yilda o`zbekistonlik yigitga turmushga chiqib, shu erda yashab kelayotir.

Yurtimizda yashayotgan har bir inson tili, dini, millati, ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar qonun oldida teng ekanligi bosh qomusimizda ham belgilab qo`yilgan. Elmira ham ana shu tenghuquqlilikdan o`z o`rnida  foydalanib, halol mehnat bilan pul topish o`rniga harom yo`l bilan daromad qilishni afzal bildi. Uning makr tuzog`iga ilingan bir guruh  hamyurtlarimiz esa...

Ular 15 kishi edilar. Maslahatni pishitib, ishlab pul topish maqsadida Qozog`istonning Astana shahriga yo`l olishdi. Hamrohlarni Astanada o`zlarini  “Rustam” va “Jasur” deb tanishtirgan  yigitlar kutib olishdi va ularni beton quyish uchun bir fermaga boshlab ketishdi. Avvaliga hamrohlar osongina ish topishganidan xursand edilar. Ammo... oradan uch oy o`tdi hamki, ish haqidan darak bo`lmadi. Oila a`zolari bag`riga qo`ni-qo`nji pulga to`lib qaytishni niyat qilgan qishloqdoshlar “Rustam”dan xizmatlari haqini talab qilishdi. Biroq, “Rustam” deganlari insofni “tuya qilganlar”dan ekan. Bir chaqa ham bermasligini aytib turib oldi.

Ish haqidan umidlarini uzgan hamqishloqlar ketish taraddudiga tushib qolishdi. “Rustam” ularni O`zbekiston chegarasiga qadar olib boradigan avtobusga o`tqazadigan bo`ldi. Pasportlarni esa avtobus haydovchisiga topshirdi: “Manzilga etgach, olasanlar pasportlarni!”

Hamrohlar shunisiga ham shukur qilishdi. Har qalay, uyga eson-omon kirib borishsa bo`lgani. Begona yurtda non topish ham oson emas ekan. Agar astoydil ishlashsa, Vatanda ham yaxshigina pul topsa bo`ladi...

Rustamning “himmati” bejiz emasligi yarim yo`lga borganda ma`lum bo`ldi. Haydovchi hamqishloqlarning har biridan 8000 tengedan pul yig`ib oldi. Bu hali hammasi emas, chegaradan o`tish uchun yana har bir yo`lovchi 100 AQSh dollaridan to`lashi lozim ekan. Nima uchun deysizmi? Hamma gap shundaki, hamqishloqlar Qozog`iston Respublikasida bo`lish tartiblarini buzishgan, shu bois “ayb”lari ochilib qolmasligi uchun har qanday shartga rozi edilar.

Xullas, yigitlarning har biri o`z uyiga qo`ng`iroq qilib, 100 AQSh dollaridan pul jo`natishni so`radi. Albatta, pul topish uchun chegara ortiga yo`l olgan hamqishloqlarning uyidagilardan pul so`rashi mantiqqa to`g`ri kelmas. Ammo, o`z jigarlarining eson-omon qaytishini istaganlari uchun yaqinlari aytilgan pulni chegaraga etkazadigan bo`lishdi.

Haydovchi 15 og`aynini ularning pasportlari bilan birga O`zbekiston chegarasidagi “Qoplonbek” bojxona posti yaqinida, “Omon” va  “Maks” ismli kimsalarning qo`liga topshirdi.

Bu paytda so`ralgan 1500 dollar pulni hamrohlardan birining ukasi Farhod chegara postigacha olib kelgandi. Uni esa chegara posti yaqinida “qahramonimiz” Elmira kutib turardi. Biroq negadir bu ayolning gap-so`zlari, harakatlari Farhodga shubhali tuyuldimi, pulni unga bergisi kelmadi.

Bundan tashqari u akasiga qo`ng`iroq qilganida, Vohid telefonni yonida turgan “Maks”ga tutqazgan, “Maks” esa, qanday bo`lmasin, pulni tezlik bilan yuborishni tayinlagan edi. Farhod ortiqcha bosh qotirib o`tirmasdan, 1500 dollarni 20 ming so`m evaziga shu atrofda yurgan bir kishi orqali “Maks”ga – chegara ortiga jo`natib  yubordi. Oradan bir soatcha vaqt o`tib, “Maks” Farhodga qo`ng`iroq qildi va yuborilgan pulni olganini aytdi.

Farhodning bu harakati Elmiraning izzat-nafsiga tekkandi. U darhol chegara ortidagi sherigi “Omon”ga sim qoqdi:    

“Bu bola meni aldab, pulni boshqa odamdan Maksga berib yuboribdi, nima qilamiz?” – Elmira shunday deya telefonni Farhodga tutqazdi. – “Mana sherigim bilan o`zing gaplash!”

“Omon” Farhodga yana ikki yuz dollar berishi kerakligini, aks holda, qarindoshlarini chegaradan o`tkazmasligini aytdi. Farhod tang ahvolga qolgandi. Ammo, ayni damda hamqishloqlarining ham hayoti xavf ostida edi.

“Xullas, pulni topasan, — dedi Elmira. — Bo`lmasa, sherigim akangni ham, uning sheriklarini ham so`yib tashlaydi!”.

Farhod ehtiyot yuzasidan olib chiqqan qo`shimcha  yuz dollarni Elmiraga tutqazib, “qolganini akamlarni ko`rganimdan keyin beraman” deb turib oldi. Elmira rozi bo`ldi: u bilan chegaradan o`tib, akasi va uning sheriklari garovda turgan joyga bordi. To`rt kundirki, deyarli tuz totmagan hamqishloqlarini ko`rib yig`lab yuborayozdi. Akasi uni ko`rishi bilan ukaning quchog`iga otildi.

Farhod yaqin-atrofdan non, choy topib, hamqishloqlarining qornini to`qlagan bo`ldi. “Maks”, “Olim” va Elmira bilan gaplashib, hamqishloqlarini uch-to`rt kun ichida chegaradan o`tkazishga kelishib, o`zi ortiga qaytdi. Kelishilgan kun, ya`ni 2015 yilning 9 iyun kuni Farhod hamqishloqlarini kutib olish uchun yana chegaradagi “Navoiy” postiga etib keldi. Elmira ham doimgidek shu erda hoziru nozir edi. Biroq “o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas” deganlaridek, Elmira bu gal Farhoddan bezraygancha  yana 200 dollar so`radi.

“Mana, hozircha bor pulim shu, — dedi Farhod ayolga 400 ming so`m tutqazib. – Qolganini akamlarni ko`rganimdan keyin olasiz”.

Albatta, buncha pulni topish hamrohlarning yaqinlariga oson bo`lgani yo`q. Elmira va uning hamtovoqlari ko`rsatgan nayranglardan bezgan Farhod to akalari chegaradan o`tgunicha bu haqda MXX xodimlariga xabar berib qo`ygan edi.

Xullas, hamqishloqlar chegaradan o`tib kelishdi. Farhod akasi bilan  ikki sherigi hamda Elmirani mashinaga o`tqazib, ortga qaytdi. Keles shahriga etganida, Farhod mashinani to`xtatib, ayolning qo`liga qog`ozga o`rog`liq pulni tutqazdi: “Mana, opa, so`ragan pulingiz!”.

Elmira Nurmaxanova bu pullarni hali sumkasiga solishga ham ulgurmagan ediki, tegishli idoralar vakillari uni jinoyat ustida qo`lga olishdi.

...Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudi Elmira Nurmaxanova sodir etgan jinoyatni atroflicha o`rganib, uni Jinoyat kodeksining 165-moddasi “v” bandiga asosan  aybdor deb topdi va besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Sud hukmiga asosan, E.Nurmaxanovadan 1600 AQSh dollari va 400 ming so`m pulni jabrlanuvchilar foydasiga undirish belgilandi.

Shu tariqa, jinoyatchi va uning sheriklari qonuniy jazolarini olishdi. Ammo, bunday firibgar to`qigan nayrang tuzog`iga hamon ayrim sodda, ishonuvchan hamyurtlarimizning tushib qolayotgani achinarlidir. Aslida har bir yurtdoshimiz o`z haq-huquqlarini yaxshi bilsa, har bir muammoni qonuniy yo`l bilan hal etishga intilsa, bu kabi noxush holatlarga tushib qolmagan bo`lishardi...

 

             

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1