1

Orolbo`yi mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash masalalari ko`rib chiqildi

Siyosat 26.01.2021, 22:05
Orolbo`yi mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash masalalari ko`rib chiqildi

26 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo`mitasi raisi Boriy Alixanovning BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi va unda Orolbo`yidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash yo`llari ko`rib chiqildi.

Ta`kidlanganidek, Qoraqalpog`istonda O`zbekiston Prezidentining “2020-2023 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida rejalashtirilgan 1 359 ta investisiya loyihasidan 705 tasi ishga tushirildi, natijada 4500 ga yaqin ish o`rinlari yaratildi. Ushbu hujjatga muvofiq qiymati 1 trln. 209 mlrd. so`mlik jami 2 788 ta loyiha va ob`ektni amalga oshirish hamda 1 mlrd. dollardan ziyod xorijiy grantlar va investisiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Oliy Majlis Senati, xususan, parlamentning yuqori palatasida tashkil etilgan Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo`mitasi ularning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirmoqda. BMTTDning O`zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska parlament nazorati sohasida Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikni, BRM doirasida belgilangan dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, ekologik fojiadan eng ko`p zarar ko`rgan Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish bo`yicha kelishilgan birgalikdagi tadbirlarni ishlab chiqishni asosiy faoliyat yo`nalishlari sifatida qayd etdi.

Uchrashuv doirasida BMTTDning mazkur yo`nalishdagi sa`y-harakatlari haqida so`z yuritildi. Jumladan, so`nggi o`n yil ichida BMTTD aholiga maqsadli yordam ko`rsatish va uning ehtiyojlarini qondirish hamda mahalliy iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo`llab-quvvatlash bo`yicha BMT tomonidan qator loyihalar va qo`shma dasturlar amalga oshirildi (asosiy infratuzilmalardan foydalanish, ish bilan ta`minlash, iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish bo`yicha moslashuvchan chora-tadbirlarni qo`llagan holda qishloq xo`jaligining ilg`or tajribalaridan foydalanish masalalarida fermerlarni qo`llab-quvvatlash, shu jumladan daraxtzorlar yaratish). Bundan tashqari, BMTTD hukumatga BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p sheriklik fondini tashkil etishda yordam berdi.

Orolbo`yi mintaqasidagi ekologik muammoning murakkabligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, O`zbekiston tomoni o`zaro hamkorlik qilish bo`yicha o`z takliflarini bildirdi. O`z navbatida, BMTTD Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) birlashtirish tashabbusi doirasida o`z yo`nalishlarini ham belgilab olgani qayd etildi.

M. Dimovska davlatimizning Orolbo`yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sa`y-harakatlarini yuqori baholadi. Uning so`zlariga ko`ra ushbu mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash uchun echim topish va aniqlashda yordam ko`rsatish, tizimli innovasion yondashuv va yangi moliyaviy vositalarni targ`ib qilish, shuningdek innovasiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida Orolbo`yi mintaqasi bo`yicha ekologik Konsepsiya va “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish yo`lida BMTTD imkoniyatlar izlamoqda.

Tomonlar mintaqani, shu jumladan qishloq xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha qo`yilgan vazifalarni birgalikda amalga oshirishga, ushbu yo`nalishdagi xalqaro muloqotni kuchaytirishga, “yashil” iqtisodiyotni amalga oshirishda samarali hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1