Afg`oniston shimolida kuchli yomg`irlar keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida kamida 150 kishi halok bo`ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda “Tolibon” rasmiylariga tayanib, BBC xabar bermoqda.
Bag`lon viloyatining besh tumanida kuchli yog`ingarchilik tufayli o`nlab odamlar bedarak yo`qolgan, qurbonlar soni ortishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarda bir qancha qishloqlardan oqib o`tayotgan suv oqimi vayronagarchiliklarni keltirib chiqargani aks etgan.
Mamlakatda so`nggi bir necha hafta ichida g`ayrioddiy kuchli yog`ingarchilik kuzatildi, aprel oyining o`rtalaridan beri suv toshqinlari ko`plab odamlarning hayotiga zomin bo`ldi. Afg`oniston ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdulmatin Qani BBC nashriga Bag`lon viloyatida kamida 131 kishi, Tahorda esa 20 kishi halok bo`lganini aytdi.
Halok bo`lganlarning ko`pchiligi Bag`lonning Borka tumanidan bo`lib, u erda 200 dan ortiq odam o`z uylarida qamalib qolgan. Rasmiylar avvalroq vertolyotlar poytaxt Kobuldan to`g`ridan-to`g`ri shimolda joylashgan Bag`longa jo`natilganini, ammo tungi ko`rish chiroqlari etishmasligi sababli “operasiya muvaffaqiyatli o`tmaganini”ni aytgan.
Uyidan ayrilgan ba`zi oilalarga chodir, ko`rpa-to`shak va oziq-ovqat bilan ta`minlandi, deya qo`shimcha qildi rasmiylar. Kobulni Afg`oniston shimoli bilan bog`lovchi asosiy yo`l yopilgan.
Bu safargi hodisa o`tgan oy mamlakat g`arbida sodir bo`lgan suv toshqini o`nlab odamlarning hayotiga zomin bo`lgan, minglab odamlar gumanitar yordamga muhtoj bo`lib qolganidan keyin sodir bo`ldi. Shuningdek, 2000 ga yaqin uy, uchta masjid va to`rtta maktab zarar ko`rdi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, qishning nisbatan quruq bo`lgani tuproqning yog`ingarchilikni o`zlashtirishini qiyinlashtirgan.
Afg`onistonda kuchli yomg`ir va suv toshqini har yili odamlarning hayotiga zomin bo`ladi, qishloq joylarida qurilgan ayrim uylar, ayniqsa, bu kabi hodisalar oldida zaiflik qiladi. Mutaxassislarning fikricha, Afg`oniston dunyoning iqlim o`zgarishi ta`siridan eng ko`p aziyat chekayotgan davlatlari qatoriga kiradi.
“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid shanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi postida “Yuzlab odamlar bu dahshatli suv toshqini tufayli halok bo`ldi, katta qismi esa jarohat oldi. Toshqinlar shimoli-sharqdagi Badaxshon, shuningdek, G`or va g`arbiy Hirot viloyatlari ham jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Katta vayronagarchilik, katta moliyaviy yo`qotishlarga olib keldi”, — deb yozdi.






