AsosiyJinoyat

“Bir soat qiynab, qo`liga 10 ming so`m berib ketgan”

'“Bir soat qiynab, qo`liga 10 ming so`m berib ketgan”'ning rasmi

7 yoshli qizning xolasi Namanganda shu yoshdagi boshqa bir qizga uyatsiz harakatlar qilishda gumonlanayotgan 68 yoshli erkak 6 oy muqaddam singlisining qiziga ham tegajog`lik qilganini aytgan. Ayol o`sha vaqtda IIBga qilingan murojaat natija bermaganini bildirgan.

Namanganda 68 yoshli erkak avvalroq yana bir 7 yoshli qizga uyatsiz harakatlar qilgani aytilmoqda. Bu haqda jabrlangan qizning xolasi «Mushtum» jurnaliga bergan intervyusida ma`lum qildi.

Ayolning so`zlariga ko`ra, 2023 yil noyabr oyida singlisining 1-sinfda o`qiydigan qizini 68 yoshli I.B. mashinasiga mindirib, ovloq joyga olib ketgan.

«O`tgan yil noyabr oyida singlimning farzandi bilan ham xuddi shunaqa voqea bo`lgandi va bu holat IIB tomonidan chora ko`rilmasdan qolib ketgandi. Jiyanim maktabdan chiqib, shu atrofdagi xonadonlardan biriga repetitorga borgan. U erdan chiqib kelayotgan vaqtida Matiz mashinasida 60 yoshdan oshgan erkak kelib, «Mashinaga chiq, qizim, mashina buzilib qoldi, menga qarashib yubor» degan. Jiyanim yosh bola bo`lgani sababli yordam beraman deb mashinaga chiqib olgan.

U odam jiyanimni olib, uzoqqa ketib qolgan. Hech kim yo`q, panaroq joyga olib borib, jiyanimni mashinadan tushirib, o`zining jinsiy maylini qondirgan. Jiyanim qo`yib yuboring, uyimga ketaman, deb yig`lagan. Ammo rahm qilmasdan, taxminan 1-1,5 soat qiynagan. So`ngra Davlatobod hududida, 49-maktab atrofida do`kon oldiga tushirib ketgan.

Jiyanim mashinadan tushib, kiyimlarini o`zi to`g`rilab kiyib, o`sha erdagi bog`chaga borgan. Bog`chada onasi ishlardi. Boshida onasiga aytmagan. Erkak uning qo`liga 10 ming so`m berib, mashinadan tushirib ketgan bo`lgan. Uyga borishganida singlim qizining qo`lidagi pulni ko`rib, uni qaerdan olganini so`ragan. Shunda jiyanim yig`lab, bo`lgan voqeani aytib bergan.

Keyin singlim onam bilan IIB xodimlariga ariza bilan murojaat qilishgan. U odamni topishdi ham. Ammo negadir ariza yopti-yopti bo`lib ketdi.

Jiyanimni singlim va onam shifokorga olib borib ko`rsatishgan. Tekshiruv paytida haqiqatan ham erkak kishi tomonidan shilqimlik qilingan bo`lib chiqdi. Lekin u odamga hech qanday chora ko`rilmadi. O`g`illari katta ishda ishlarkanmi, qandaydir IIB bilan aloqalari bor ekanmi, ariza oxiriga etmasdan qolib ketdi», deya hikoya qilib bergan ayol.

U jiyani ancha paytgacha qo`rqib, ruhiy holati yaxshi bo`lmay, ranglari oqarib yurganini ham ma`lum qilgan.

«O`zimizning ham rahmimiz keldi. Lekin qaerga murojaat qilinsa, u inson qamaldi, jazosini oladi, degan javobni oldik. Keyin bilsak jazosini olmagan ekan. Agar jazosini olgan bo`lganida yana boshqa qizlarga ham shunaqa qilmagan bo`lardi», deya ta`kidlagan qizchaning xolasi.

Ayol kichkina go`daklarni qiynagani uchun erkakka nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.

    Boshqa yangiliklar