AsosiySport

«Nasaf» bo`lgan, bor va bundan keyin ham bo`ladi — Sergey Kucherenko

'«Nasaf» bo`lgan, bor va bundan keyin ham bo`ladi — Sergey Kucherenko'ning rasmi

"Nasaf"ning bosh direktori Sergey Kucherenko klubning keyingi faoliyati haqida o`z fikrlarini bildirdi.

«O`tgan chiqishimizda jamoamizda bo`layotgan o`zgarishlar, qanday vaziyat va klub qanday hayot kechirayotgani haqida futbol ixlosmandlari, jamoamiz sodiq muxlislarini boxabar qilishga va`da bergan edim.

Rahbariyat tomonidan, Qashqadaryo viloyat hokimi, O`zbekiston futbol assosiasiyasi hamda “O`zbekneftegaz” bilan birga katta ishlar amalga oshirildi. 9 fevral kuni Toshkentda “O`zbekneftegaz” raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullaev boshchiligida tashkilot homiyligi ostidagi klublar rahbariyati va murabbiylari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Shu o`rinda “O`zbekneftegaz” rahbariyatiga bizga ajratgan e`tiboriga, qo`llab-quvvatlashlariga hamda moliyaviy tarafdan yordam berayotganliklari uchun butun «Nasaf» futbol klubi tomonidan o`z tashakkurimni izhor etaman.  

Hozirgi kunda klubdagi moliyaviy holat stabillashmoqda. Klubimiz o`tgan mavsumdagi oylik maoshlari masalasini hal qildi. Xabaringiz bor, bosh jamoamiz ham allaqachon yangi mavsumga tayyorgarlik ko`rmoqda, sakkiz nafar jamoamiz a`zolari terma jamoalar yig`inida ishtirok etmoqda. Ular 18 fevral kuni jamoamizga kelib qo`shilishadi. Shundan so`ng jamoamiz yangi mavsumga tayyorgarlikni poytaxtda davom ettiradi. Toshkentda uchta nazorat uchrashuvini o`tkazish rejalashtirilgan. Toshkentdagi o`quv mashg`ulot yig`ini yakunlangandan so`ng, O`zbekiston Superkubogi uchun bo`lib o`tadigan bahsdan oldin 1 mart kuni Qarshida ham nazorat uchrashuvi tashkil qilinadi.

Bundan tashqari o`rinbosarlarimiz hamda «Nasaf» U-18 jamoalari ham yangi mavsumga tayyorgarlik ko`rmoqda. Futbol maktabimizda ham ish qaytadan yo`lga qo`yildi va parallel ravishda seleksiya ishlari ham olib borilmoqda.

Jamoamizning sodiq muxlislariga shuni aytmoqchimanki «Nasaf» bo`lgan, bor va bundan keyin ham bo`ladi. Barchangizga rahmat» — deya fikrlarini yakunladi Sergey Kucherenko.

    Boshqa yangiliklar