Rossiyaning Ta`lim vazirligi 2021 yilda «Klass» loyihasi uchun O`zbekistondagi rus tilini bilish darajasini oshirish uchun 75 million rubl ajratadi, dedi vazirlikning Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori o`rinbosari Olga Podberezkina. Bu haqda Ria novosti yozmoqda.
Xabarga ko`ra, 2020 yil oktyabr oyida Rossiya Federasiyasi Ta`lim vazirligi, O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi va rossiyalik ishbilarmon Alisher Usmonovning "San`at, fan, sport" xayriya fondi bilan hamkorlikda O`zbekistonda rus tilini bilish darajasini oshirish maqsadida «Klass» loyihasini amalga oshirish to`g`risida bitim imzolangan.
Kecha, 11 fevral kuni "Expo-Russia Uzbekistan" ko`rgazmasining onlayn platformasida ta`lim sohasidagi hamkorlikka oid Rossiya-O`zbekiston davra suhbati bo`lib o`tgan.
Rossiya Ta`lim vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, 2020 yilda loyihaning birinchi bosqichi doirasida Rossiyadan kelgan 32 mutaxassis O`zbekistonning barcha 14 viloyatida 4 mingga yaqin mahalliy o`qituvchilar va 500 o`quvchini rus tilini bilish uchun sinovdan o`tkazdi. 2021 yilda dastlabki 100 nafar o`qituvchi va metodist respublikaga maktablarda ishlash uchun yuboriladi, deya qo`shimcha qildi Podberezkina.
O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, "rus tili va adabiyoti" mutaxassisliklari bo`yicha universitet bitiruvchilarining soni mavjud ehtiyojning yarmini ham, boshlang`ich sinflarda esa faqat uchdan birini qoplamaydi. So`nggi yillarda O`zbekistonda ta`lim muassasalarida rus tilini o`rganishni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda, deyiladi xorijiy OAV xabarida.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha O`zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga to`liq o`tish haqida Hukumat qarori qabul qilindi.






