AsosiyJamiyat

O`zbekistonda iqtisodiy operator maqomiga ega bo`lgan 30 dan ortiq yuridik shaxs bojxona operasiyalarini amalga oshirmoqda

'O`zbekistonda iqtisodiy operator maqomiga ega bo`lgan 30 dan ortiq yuridik shaxs bojxona operasiyalarini amalga oshirmoqda'ning rasmi

Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti tashkil etilganiga 2 yil: natijalar sarhisobi” mavzusida press tur tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hamda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan imzolangan 2021 yil I chorakda o`tkaziladigan matbuot tadbirlari Media-rejasiga muvofiq tashkil etilgan mazkur tadbirda jurnalistlar va blogerlar vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo`lga kiritib, bojxona sohasidagi qulayliklar va imtiyozlardan samarali foydalanib kelayotgan korxonalarda bo`lishdi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma`muriyatchiligini takomillashtirish va O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-5582-son Farmoniga muvofiq 2019 yil 1 fevraldan boshlab, insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari instituti joriy etildi.

Ma`lum qilinishicha, bugungi kunda respublikada vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega bo`lgan 30 dan ortiq yuridik shaxs bojxona operasiyalarini amalga oshirishda maxsus soddalashtirishlardan foydalanib kelmoqda.

Mazkur institutning joriy etilishi bojxona tartib-taomillarining yanada soddalashtirilishiga, bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek, biznesni rivojlantirish yo`lida byurokratik to`siqlarni bartaraf etish va mamlakatda investisiya muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Bojxona tartib-taomillarini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish, maxsus soddalashtirishlar ro`yxatini hamda vakolatli iqtisodiy operatorlar reestriga kiritish uchun tanlash mezonlarini yanada takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 24 avgustda “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 500-son qaror qabul qilindi.

Mazkur Nizom vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini tashkil etish tartibini aniq belgilab berish, vakolatli iqtisodiy operatorlarga taqdim etiladigan maxsus soddalashtirishlar ro`yxatini sohaga oid xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish, vakolatli iqtisodiy operatorlar reestriga kiritish uchun tanlov mezonlarini va tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mazkur institutni sohaga oid ilg`or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.

Vakolatli iqtisodiy operator maqomini turli toifadagi yuridik shaxslar olishlari mumkin. Mazkur qaror qabul qilinguniga qadar vakolatli iqtisodiy operator maqomini faqatgina tovarlar eksport va importini amalga oshiruvchi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari olish imkoniyatiga ega bo`lishgan bo`lsa, endilikda bu maqomni bojxona ombori egalari, bojxona brokerlari hamda bojxona tashuvchilari ham olishlari mumkin.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun 3 turdagi (birinchi, ikkinchi va uchinchi turdagi) guvohnomalar joriy etilgan.

Vakolatli iqtisodiy operatorlar reestriga kiritish uchun tanlash mezonlari ham soddalashtirildi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 22722-moddasi ikkinchi qismi tanlash mezonlaridan chiqarib tashlandi.

Vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona yuk deklarasiyasi taqdim etilgunga qadar tovarlarni chiqarib yuborish bo`yicha yangi maxsus soddalashtirish joriy etildi.

Hozirda vakolatli iqtisodiy operatorlar reestri - bojxona operasiyalarini amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqi berilgan va guvohnomaga ega bo`lgan yuridik shaxslarning ro`yxati Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan shakllantirilib, qo`mitaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib borilmoqda.

Ta`kidlanishicha, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatli iqtisodiy operatorlar bo`la olmaydi.

Press tur davomida ishtirokchilar qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi “East-West Invest” qo`shma korxonasida,  plastiq idishlar va qadoqlar ishlab chiqaruvchi “Tarleplast” korxonasida hamda qog`oz mahsulotlari, gigienik salfetkalar ishlab chiqaruvchi “Pull and Paper” korxonasida bo`lishdi. 

Press tur davomida korxona vakillari vakolatli iqtisodiy operator maqomining afzalliklari xususida o`z tajribalaridan kelib chiqib atroflicha to`xtalib o`tishdi.

Eng katta qulayliklardan biri shundaki, vakolatli iqtisodiy operatorlar bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib yoki kechiktirib to`lash imkoniga egalar. 2019 yildan hozirga qadar operatorlar mazkur imkoniyatlardan 1600 marotabadan ortiq foydalanishgan va natijada 157 mlrd. so`mdan ziyod bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib yoki kechiktirib to`lash imkoniga ega bo`lishdi.

Yana bir qulaylik – vakolatli iqtisodiy operatorlar ishlab chiqarishda zarur bo`lgan xom ashyo va tovarlarni bojxona omboriga tushirmasdan turib, o`z omborlariga to`g`ridan to`g`ri tushirish imkoniyatiga ega bo`lishmoqda. Hozirga qadar operatorlar mazkur imkoniyatdan 7 ming marotabadan ziyod foydalanishdi.

Vakolatli iqtisodiy operatorlar sonining ortishi respublikamizda qonunga itoatkor va halol tadbirkorlarni rag`batlantirib, ularning safi kengayishiga, pirovardida mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.

Press tur davomida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

    Boshqa yangiliklar