Prezident Shavkat Mirziyoev 19 fevral, juma kuni Namangan viloyatiga tashrifi davomida 14 nafar qariya yashayotgan «Saxovat» uyiga borib, ular bilan suhbatlashgan va to`rt oy ichida Namangan shahrida qariyalar uyi uchun yangi bino qurib berilishini aytgandi. Mazkur qariyalar uyida qurilish ishlari boshlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, hozirgi bino 1982 yilda qurilgan bo`lib, avval paxta tozalash zavodining dala hovlisi bo`lgan. Ayni paytda bu erda 14 nafar qariya yashaydi.
«Menga ‘Saxovat’ uylariga ehtiyoji bo`lgan nuroniylardan juda ko`p xatlar keladi. Shularni inobatga olib, ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. 4 oy ichida Namangan shahrida ‘Saxovat’ uyi uchun yangi bino qurib beriladi. Sizlar munosib sharoitlarda yashaysiz, davolanasiz», — degan edi bu erda tashrif chog`i nuroniylar bilan ko`rishgan davlat rahbari.

Namangan shahrining Orzu mahallasida ana shu qariyalar uyi uchun 24 fevral kuni qurilish qaytadan boshlandi. Aslida 50 o`rinli bu dargohni barpo etishga 2016 yilda kirishilgan, biroq turli sabablarga ko`ra qurilish to`xtab qolgan. Hozirda «Saxovat» uyi 120 o`ringa qayta rekonstruksiya qilinmoqda.
«Bino energotejamkor, yashash, dam olish va sog`ligini tiklash uchun barcha sharoitlarga ega bo`lishi ko`zda tutilgan. Sanuzellari ichida bo`lgan ikki kishilik xonalar, basseyn, trenajyor zallari bu erda istiqomat qiluvchilar ixtiyorida bo`ladi. Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugun qurilish joyida bo`lib, loyiha bilan batafsil tanishdi. Qurilish ishlarini jadallashtirish bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatma va topshiriqlar berildi», deyiladi xabarda.







