«Inter» klubi rasmiy sayti jamoada koronavirus tarqalgani haqida xabar berdi.
Chorshanba kuni o`tkazilgan test natijalariga ko`ra, klub bosh direktori Juzeppe Marotta, uning yordamchisi Alessandro Antonello, sport direktori Pero Ausilio, klub huquqshunosi Andjelo Kapellini va murabbiylar shtabidan ismi sir saqlangan bir nafar mutaxassisda COVID-19 aniqlangan.
Testi musbat natija bergan klub a`zolari o`zini yakkalash tartibiga o`tkazilgan.
Ma`lumot uchun, «Inter» A Seriya 23-turidan keyin 53 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Klub navbatdagi uchrashuvni 28 fevral kuni «Juzeppe Meassa» stadionida «Jenoa»ga qarshi o`tkazadi.






