Ushbu majmuada joylashgan koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazi Tojikistonda muqobili yo`q ekanligi aytilmoqda.
Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Tojikistonning Qubodiyon tumanida zamonaviy tibbiyot majmuasi qurilishi yakunlangan.
Muassasa O`zbekiston taqdim etgan mablag`lar hisobiga qad rostlagan. “O`zbekneftegaz” AJ kompaniyasi qurilishning asosiy homiysi bo`lgan.
Tibbiyot muassasasiga kerakli mebel va zamonaviy asbob-uskunalar keltirilgan. Majmuaning asosiy xususiyati koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun nodir korpusga egaligi. O`zbekiston hukumati Tojikiston iltimosiga ko`ra majmuada qo`shimcha ravishda koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazini ham qurib bergan.
Bu erdagi jihozlar insonda koronavirus infeksiyasi bor-yo`qligini qisqa vaqt ichida aniqlash va infeksiya aniqlangan bemorlarni malakali yordam olish uchun zudlik bilan hudud va poytaxtdagi shifoxonalarga jo`natish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, ushbu majmuada joylashgan koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazi Tojikistonda yagona hisoblanadi.
Markaz qurilishi O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil martda Dushanbega amalga oshirgan tashrifi davomida O`zbekiston hukumatining ma`qullangan loyihalaridan biri hisoblanadi.






