"Darakchi" tahririyatiga Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro B.Ulugmuratovdan murojaat kelib tushdi:
— 2014 yil Sirdaryo tumanida yashovchi bir fuqaro boshqa bir fuqarodan 35 ming dollar, 2015 yil 19 ming dollar olgan. Yana ikki kishidan xorijiy valyutada pul olgan, biroq qaytarmagan. Shu pullarni qanday undirsa bo`ladi?
Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi sudyasi Dilfuza Dadajonova bilan bog`landik...
— Qarz evaziga uni qaytarish sharti bilan pul olingani haqida yozilgan tilxat yoki boshqa yozma hujjatning (masalan, tushuntirish xatlari) mavjudligi fuqarolar o`rtasida qarz shartnomasining tuzilganligidan dalolat beradi. Bunday yozma dalilning yo`qligi, guvohlarning og`zaki ko`rsatmalari bilan qarz oldi-berdi munosabati haqiqatda ham bo`lganligini tasdiqlashga asos bo`lmaydi. Agar fuqaro sizdan qarz evaziga pul olganligini tasdiqlovchi yozma hujjat mavjud bo`lsa, bunday holatda siz uning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudga da`vo arizasi bilan murojaat qilishingiz lozim bo`ladi.
Shuningdek, fuqarolik qonunchiligida pul mablag`ini boshqa shaxsdan undirish da`vo talabiga nisbatan uch yillik da`vo muddati qo`llanilishi nazarda tutilgan. Ushbu muddatning o`tishi fuqaroning sizga qarzini qaytarishi lozim bo`lgan muddat o`tganidan boshlab hisoblanadi. Sud har qanday holatda ham sizning qarz undirish haqidagi da`vo arizangizni ish yurituviga qabul qilib, mazmunan ko`rib chiqishi lozim bo`ladi. Da`vo muddatining qo`llanilishi faqatgina qarz oluvchining sudga bergan yozma arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Sadoqat ALLABERGANOVA