2021 yil 10 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Unda Senat a`zolari, tegishli vazirlik va idoralar mas`ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning o`n uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda ko`rib chiqildi. Xususan, Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokama qilinib, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga qo`shimcha vazifalar belgilab berilgan edi. Majlisda mazkur vazifalarning ijrosiga e`tibor qaratildi.

Bundan tashqari, qiz bolani barvaqt turmushga berish va qarindosh-urug`lar o`rtasida nikoh qurilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining axboroti eshitildi.
Ta`kidlanganidek, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, erta turmush va erta tug`ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish bo`yicha olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini baholash mexanizmi ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, viloyatlar va tuman (shahar)larda Xotin-qizlar hamda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, qolaversa, har bir mahallada fuqarolar yig`inining “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi”, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kengashlari faoliyati yo`lga qo`yilgan.

Aholi va yoshlar o`rtasida nikoh va oila huquqi, oila ma`naviyati, oila ma`rifati, noqonuniy nikoh, erta va qarindoshlar o`rtasidagi nikoxlarning salbiy oqibatlari to`g`risida ijtimoiy tarmoqlar orqali targ`ibot qilindi.

Shuningdek, majlisda bu borada amalga oshirilishi zarur bo`lgan ishlarga urg`u berildi. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo`mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.






