Buhaqda AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida «Mahalla» xayriya jamoat fondi mutasaddilari ma`lum qildi.
«Navro`z bayrami arafasida 13 mart kuni «Obod va ko`rkam mahallam» umumxalq xayriya hashari o`tkaziladi.
Hashar davomida 10 ming gektarga yaqin er-maydonlarni obodonlashtirish, 5 ming kilometrga yaqin ariq va lotokni tozalash, 9000 dan ortiq qabriston va 860 ga yaqin ziyoratgohni obodonlashtirish rejalashtirilgan.
500 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko`chatlari ekiladi. Shuningdek, mahallalarda gul ko`chatlarini o`tqazish, daraxtlarni oqlash va ularga shakl berish rejalashtirilgan.
Hashar kunlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga muruvvat yordamlari ko`rsatiladi. Jumladan, 3 mingdan ziyod kam ta`minlangan oilaning 30 ming kv.metrga yaqin uy-joylari hashar yo`li bilan ta`mirlanadi. Shuningdek, «Hech kim mehr va e`tibordan chetda qolmasin» shiori ostida nogironlar, yolg`iz keksalar, urush va mehnat fronti faxriylari hamda yordamga muhtoj fuqarolarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash ko`zda tutilmoqda», deydi mutasaddi.