1

Nodavlat notijorat tashkilotlarining parlamentda doimiy vakili bo`ladi

Jamiyat 11.03.2021, 13:14
Nodavlat notijorat tashkilotlarining parlamentda doimiy vakili bo`ladi

Oliy Majlis quyi palatasining deputati Rasul Kusherbaevning ma`lum qilishicha, mazkur mazmundagi hujjat Prezidentning «2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi 6181-sonli Farmonida ko`zda tutilgan.

 Unga ko`ra, nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo`mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili joriy etiladi.

 Doimiy vakilning asosiy vazifalari etib qonun loyihalari va quyi palataning vakolatlariga kiradigan masalalar bo`yicha muhokamalar va yig`ilishlarda ijtimoiy sheriklik, ta`sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilish va ularni amaliyotga to`g`ri qo`llash, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda qilish belgilangan.

 Doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo`shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko`rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo`lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

 Konsepsiya doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo`llab-quvvatlash hajmini 2021 yilda kamida 1,2 baravarga, 2025 yilda 1,8 baravarga oshirish ko`zda tutilgan.

 Ma`lum bo`lishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021 yilda 16 milliard so`m, 2025 yilda 70 milliard so`m mablag`lar ajratish belgilangan.

 Shuningdek, 2021 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahrida «Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari» tashkil etilmoqda.

 " – Jamiyatda faol fuqaro sifatida ishtirok etayotgan va kelgusida shunday faollar qatorida bo`lishni istagan barcha ushbu Farmon va Konsepsiya bilan yaqindan tanishib chiqishi kerak, deb o`ylayman.

 Kuchli fuqarolik jamiyatini qurmoqchi bo`lsak, bu yo`lda qanday masalalar borligi va qanaqa rejalar belgilanayotganligini yaxshi bilib olishimiz kerak. Ana shunda harakatlarimiz tartibli va samarali bo`lishi mumkin", deydi deputat. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1