Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Adliya vazirligi mas`ul xodimi Abdurasul Abdusherozov ma`lumot berdi.
Prezident Farmoniga ko`ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta`minlashning yangi tartibi doirasida ko`p kvartirali uy-joylar quriladi.
Farmon bilan 2021 yilda yangi tartib doirasida:
- respublika bo`yicha jami 33 114 ta kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar;
- qishloq joylarda 8 336 ta kvartiradan iborat ko`p qavatli arzon uy-joylar;
- fuqarolarning alohida toifalari uchun 3 550 ta kvartiradan iborat ko`p qavatli uy-joylar quriladi.
Shuningdek, 2021 yil uchun uy-joylarning hisoblangan qiymati, bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka krediti va dastlabki badalning bir qismi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalarning eng ko`p miqdori tasdiqlandi.
Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etildi (ilgari Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarida joriy etilgan).