Avvalroq, Andijon shahridagi xonadonlardan birida gaz va havo aralashmasi chaqnashi sodir bo`lganligi haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura ma`lumotlar taqdim etdi.
Aniqlanishicha, 2021 yil 12 mart kuni soat 17:22 larda Andijon shahar «1-son» MFY, 2-kichik daha, Furqat ko`chasi, 24-uy 9-xonadonda gaz va havo aralashmasi chaqnashi natijasida yong`in kelib chiqqan.
Oqibatda, xonadonda bo`lgan ayol va voyaga etmagan qiz tana kuyishi hamda qo`shni xonadonda yashovchi voyaga etmagan bola chaqnash to`lqinidan yiqilib, ko`krak qismidan tan-jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Jabrlanganlarning olgan tan-jarohatlari og`irlik darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.
Mutaxassislar tomonidan chaqnash sabablari, shuningdek keltirilgan zararlarni aniqlash choralari ko`rilmoqda.
Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan o`tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.