AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

  O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 mart kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ma`lum qilinishicha, suhbat davomida ko`p qirrali O`zbekiston-Qozog`iston munosabatlarini yanada kengaytirish, mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini tez fursatda engib o`tish maqsadida iqtisodiy sohadagi hamkorlikni jadallashtirishga alohida e`tibor qaratildi.

Buning uchun o`zaro savdo hajmini oshirish, qabul qilingan “yo`l xaritasi” doirasida sanoat kooperasiyasi bo`yicha qo`shma loyihalarni ilgari surish hamda chegaraoldi tumanlarda samarali transport kommunikasiyalari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish muhim ekani ta`kidlandi.

Bundan tashqari, sog`liqni saqlash, farmasevtika va ta`lim sohalarida hukumatlar, manfaatdor idora va tashkilotlar darajasida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo`lajak ikki va ko`p tomonlama tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.

Suhbat yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom – Navro`z munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqot har doimgidek ishchan va do`stona ruhda o`tdi.

Boshqa yangiliklar