AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Rossiya elchisini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Rossiya elchisini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 mart kuni Rossiya Federasiyasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Vladimir Tyurdenevni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari Rossiyaning O`zbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga 11 yildan ortiq vaqt mobaynida rahbarlik qilib kelayotgan elchi Vladimir Tyurdenevning ikki tomonlama do`stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qo`shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Elchining faol ishtiroki va ko`magida turli darajalarda tizimli muloqot va samarali aloqalar yo`lga qo`yilgani ta`kidlandi. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, keyingi yillarda o`zaro savdo hajmi oshdi, yirik investisiya loyihalari ilgari surildi va amalga oshirilmoqda, O`zbekiston va Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralarining iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi kooperasiyasi kuchaydi.

Ta`lim, sog`liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv borasida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiya etakchi oliy ta`lim muassasalarining 12 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston Prezidenti Rossiya elchisini davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish va har tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qo`shgan katta hissasi, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalari va o`zaro anglashuvni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun O`zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig`i bilan taqdirladi.

Vladimir Tyurdenev uning diplomatik faoliyatiga berilgan yuksak baho, shuningdek, O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

    Boshqa yangiliklar