1

Toshkent, Qo`qon va Farg`ona shaharlarida "Muqimiy" badiiy filmining taqdimoti o`tkazildi

Madaniyat 30.03.2021, 15:40
Toshkent, Qo`qon va Farg`ona shaharlarida "Muqimiy" badiiy filmining taqdimoti o`tkazildi

Avval xabar qilganimizdek, 26 mart kuni “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O`zbekfilm” Davlat unitar korxonasi tomonidan suratga olingan “Muqimiy” tarixiy badiiy filmining taqdimoti o`tkazildi.  

Tadbirga film ijodkorlari, oliy o`quv yurtlari o`qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat va san`at arboblari, shoir va yozuvchilar ishtirok etishdi.  

Taqdimot marosimida ta`kidlanganidek, Muhammad Aminxo`ja Muqimiy  (1850-1903) o`zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri sanaladi. U tarximizning eng murakkab, dolg`ali yillarida yashab ijod qildi. Turmush qiyinchiliklari, davr mashaqqqatlariga qaramay, o`z she`rlarida adolat va haqiqatni, vafo va sadoqatni, ezgulik va muhabbatni tarannum etdi.  

Filmda Muqimiyning hayoti va ijodi, u yashagan davr fojialari, xalqimizning boshiga tushgan musibatlar ilmiy va adabiy manbalar asosida yoritilgan. Ushbu kinoasar Qo`qon va Buxoro shaharlarida hamda Toshkent viloyatida tasvirga olingan.  

Tomoshabinlar filmda Muqimiy bilan birga Furqat, Muhayyir, Kamiy singari shoirlar, N.Ostroumov singari tarixiy shaxslar  siymosini taniqli aktyorlar talqinida ko`rishlari mumkin. Muqimiy rolini yosh aktyor Ulug`bek Rustamov ijro etgan. Ssenariy muallifi Rustam Jabborov, Postanovkachi rejissyor – Fotih Jalolov.  

Filmda O`zbekiston Xalq shoiri Sobir Abdullaning “Muqimiy” romani motivlaridan foydalanilgan. Musiqalarni Tohir Qo`ziev bastalagan. Bundan ancha yillar ilgari O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev tomonidan ijro etilgan, muqimiy she`ri bilan aytiladigan “Yodimga tushdi” qo`shig`i filmning saundtreki sifatida Shohjahon Jo`raev ijrosida kuylangani ham alohida tahsinga loyiq.  

“Muqimiy” tarixiy badiiy filmining taqdimoti 28 mart kuni Qo`qon, 29 martda esa Farg`ona shaharlarida o`tkazildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1