Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli bilan vidolashish marosimida yuzaga kelgan olomon tiqilinchi oqibatida 45 kishi halok bo`ldi, 37 kishi jarohat oldi. Bu haqda Tanzaniya polisiyasi ma`lumotiga tayanib, Meduza'ga asoslanib Daryo xabar berdi.
Avvalroq Magufulining dafn marosimida besh kishi oyoq ostida qolib, halok bo`lgani haqida xabar qilingandi. Ularning barchasi bir oilaning a`zolari ekani ma`lum bo`lgan. Tiqilinch 21 mart kuni Dar-es-Salamdagi stadionda marhum prezidentning tobuti jamoat bilan vidolashish uchun namoyish etilgan payt yuz bergan.
«Odamlar marhum rahbarga bo`lgan muhabbatini izhor etish uchun kelgan edi, ammo ular nihoyatda ko`p edi, ba`zilari esa sabrsizlik qilib, stadionga aylanma yo`llar bilan kirishga harakat qilgan», — dedi polisiya hodisa sababiga izoh berar ekan.
Jon Magufuli 61 yoshida vafot etdi. Avvalroq Tanzaniya muxolifati rahbari Tundu Lissu prezidentning koronavirus bilan kasallangani va qo`shni davlat Keniyada kasalxonaga yotqizilgani haqida aytgandi. Ammo prezident o`limining rasmiy sababi sifatida yurak bilan bog`liq muammolari keltirildi.
Uning o`limidan so`ng Tanzaniya sobiq vise-prezidenti Samiya Suluhu Hasan mamlakat prezidenti sifatida qasamyod qildi. Shu tariqa Tanzaniya tarixida ilk bor ayol kishi prezidentlik lavozimini egalladi.
Eslatib o`tamiz, Magufuli mamlakatda cheklovlar joriy qilishdan bosh tortgan va tibbiy niqob taqmaganlarni olqishlagan. Infeksiya tarqalishiga qarshi kurashishning ilmiy usullari o`rniga, prezident tanzaniyaliklardan COVID-19 ustidan g`alaba uchun ibodat qilishni so`ragan va «koronavirus — iblis» deb ta`kidlagan.
Ma`lum qilinishicha, Evropa Ittifoqi birdamlik jamg`armasi Tanzaniyaga koronavirus pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun mablag` ajratgan. Ushbu mablag`lar shaxsiy himoya vositalarini sotib olishga, vaksinalar, dori-darmonlarni ishlab chiqarishga, aholini emlash va koronavirus tarqalishiga qarshi qaratilgan boshqa tadbirlarga sarflanishi kerak edi.
Biroq epidemiya bilan kurashish uchun pul olganidan so`ng Tanzaniya hukumati mamlakatni koronavirusdan xoli deb e`lon qilgan.






