O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog`lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF–6099-sonli Farmonini keng targ`ib qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tashabbuslar keng quloch yoymoqda. Kuni kecha farg`onalik bir guruh otaxonlar O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan «Yangi O`zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» g`oyasini o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma`naviy-ma`rifiy va targ`ibot-tashviqot tadbirlari doirasida Farg`onadan Samarqandgacha velosipedda yo`lga chiqishgan edi.

Ushbu tashabbusga qo`shilgan farg`onalik 27 nafar nuroniylar va otaxonlar velosipedda Samarqandgacha bo`lgan masofani bosib o`tish orqali aholi orasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etishni maqsad qilishgan. Velomarafonchilar 31 mart kuni Farg`ona viloyati Qo`shtepa tumani Madaniyat markazidan yo`lga chiqishdi. Otaxonlar soatiga o`rtacha 20-25 km masofani bosib o`tgan holda bugun Toshkent shahriga etib kelishdi. Ular dastlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, shundan so`ng O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurishdi. Ushbu otaxonlarning eng kichigi 58, eng kattasi 79 yosh hisoblanadi. Bu haqda "Darakchi" muxbiri Maryam SATTOROVA xabar bermoqda.

Nuroniylar va otaxonlarni Jismoniy tarbiya va sport vazirining o`rinbosari Avazjon Karimov, O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
“Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni keng targ`ib qilishda yoshlarga shaxsiy namuna ko`rsatib, azim Samarqand shahriga qarab velosipedda yo`lga otlangan ekansiz, bu borada sizlarga kuch-quvvat va sabr-toqat tilayman. O`ylaymanki, sizlar boshlagan tashabbus yanada keng quloch yoyadi va ortingizdan yana ko`plab yurtdoshlarimiz ergashadi», - dedi vazirlikda tashkil etilgan uchrashuvda Avazjon Karimov.
Shundan so`ng, o`zbekona urf-odatlarni chetlab o`tmagan holda mehmonlarga shu erning o`zida mo``jazgina dasturxon yozildi. Qolaversa, estalik sovg`alari ham topshirildi. Otaxonlar duo qilib hush kayfiyat bilan yo`lga tushishdi.

Navbatdagi manzil esa, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi bo`ldi.MOQda o`tgan tadbirda mehmonlarni Qo`mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o`rinbosari Azizjon Kamilov, O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov boshchiligidagi mutasaddilar qarshi olishdi. Unda so`zga chiqqan rasmiylar yoshi ulug` ushbu hamyurtlarimizning sog`lom turmush targ`iboti yo`lida olib borayotgan bunday tashabbuslarini yuksak baholab, buning uchun tashakkur izhor qilishdi. Tadbir davomida velosayohatchilarga MOQ nomidan esdalik sovg`alari taqdim qilindi.

So`ngra, farg`onalik nuroniylar Samarqand shahri tomon yo`lga tushishdi. Reja bo`yicha ular 4 aprelda, yana 3 kundan keyin ko`hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga etib borishni maqsad qilishgan.







