Kecha, 1 aprel kuni G20, G7 va barcha mintaqalarning 25 dan ortiq rahbarlari ishtirokida koronavirus pandemiyasiga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.
Brifingda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus nutq so`zladi.
“Dunyo xavfsizligini saqlash uchun avlodlar zimmasiga tushadigan pandemiya shartnomasi chaqirig`iga tobora ko`proq rahbarlar qo`shilayotganidan xursandman”, deya so`zini boshlagan Gebreyesus.
JSST rahbari o`z nutqi davomida pandemiyagacha bo`lgan davrda ham dunyo tibbiyotiga kamida 18 million sog`liqni saqlash xodimi etishmaganini ta`kidlagan.
"Pandemiyani tugatish va birgalikda sog`ayish uchun birinchi navbatda sog`liqni saqlash xodimlarini jalb qilish kerak", degan Gebreyesus.
U shuningdek, vaksinani adolatli taqsimlash hali ham dolzarbligini ta`kidlagan.
"Yilning 100-kuniga to`qqiz kun qoldi. Sog`liqni saqlash xodimlari va barcha mamlakatlarda xavf ostida bo`lganlarni emlash bizning qo`limizda", degan Gebreyesus.
Shuningdek, JSST rahbari dunyo hamjamiyatiga murojaat qilib, 20 ta muhtoj davlatga 10 million doza koronavirus vaksinasi ajratishga chaqirgan.
Gebreyesus avvalgi yordam chaqiruvi muvaffaqiyatli bo`lmaganini ta`kidlagan.
“O`tgan hafta men favqulodda foydalanish uchun dori-darmonlar ro`yxatiga kiritilgan COVID-19 ga qarshi vaksinalari bo`lgan mamlakatlarga zudlik bilan 10 million dozani COVAX bilan bo`lishishlarini iltimos qildim. Ammo hamon kutyapman”, degan JSST rahbari.






