Inson hayoti davomida turli kasalliklarga duchor bo`ladi. Kasallikdan forig` bo`lish yo`lini izlar ekan, bemor davolashning turli usullariga, jumladan zamonaviy tibbiyotga, xalq tabobati usullariga va ilohiy shifoga murojaat qiladi.
Ma`lumki, zamonaviy tibbiyot ilmiy asoslangan va klinik amaliyotda o`z tasdig`ini topgan natijalarga, xalq tabobati esa uzoq yillik kuzatuv, sinov va tajriba natijalariga tayanadi. Ilohiy shifoning asosini esa ishonch va e`tiqod tashkil etadi.
Inson ruhiyati orqali davolashni maqsad qilgan yana bir toifa tabiblar borki, hamma vaqt ham ularning usullarini quvvatlab bo`lmaydi.
Jumladan, gipnoz va ekstrasenslik qobiliyatlaridan foydalanish orqali, biotok va energetika maydonlari hamda turli diniy udumlarni qo`llash yordamida davolashga urinish ana shular jumlasidandir.
Kasalliklarni turli noodatiy yo`llar bilan davolashga da`vogarlik qilayotgan firibgarlarni hayotimizda ko`p uchratamiz. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in mulohazalar bo`lganligini ko`pchilik eslaydi ham.
"Shu o`rinda aholining ishonch va e`tiqodidan foydalanib, sohta tabiblik faoliyati bilan shug`ullanayotgan ayrim kimsalarning aldoviga uchrab qolishdan ogoh etmoqchimiz. Noodatiy yo`llar bilan davolashni taklif qilayotgan ayrim soxta tabiblar ta`siriga tushib qolishdan ehtiyot bo`ling" deydi SSV.
Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 29 dekabrda 3111 raqam bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko`rsatish tartibi va hajmlari to`g`risida”gi nizomda ham okkultizm-afsun, shuningdek diniy marosimlar orqali kasalliklarni davolash xalq tabobati hisoblanmasligi ko`rsatib o`tilgan.
Shu boisdan yurtdoshlarimizdan muqaddas dinimiz nomidan foydalanib, soxta obro` orttirishga urinayotgan tovlamachilardan ehtiyot bo`lishlarini va o`z sog`liklarini xavf ostiga qo`ymasliklarini so`rab qolamiz.