AsosiySport

Basketbol bo`yicha O`zbekiston chempionati g`oliblari grant asosida o`qishga kirishadi

'Basketbol bo`yicha O`zbekiston chempionati g`oliblari grant asosida o`qishga kirishadi'ning rasmi

Shu yil 1-6 aprel kunlari Jizzax Olimpiya zaxiralari kolleji sport zalida basketbol bo`yicha 2002-2004 yillarda tug`ilgan qizlar o`rtasida O`zbekiston chempionati bahslari bo`lib o`tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar qildi.

Musobaqada respublikamizning 7ta hududi, ya`ni mezbonlardan tashqari Andijon, Namangan, Farg`ona, Navoiy, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasidan kelgan jami 84 nafar sportchi qizlar ishtirok etdi.

Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslarda 3-o`rin uchun Namangan viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasi jamoalari to`qnash kelishdi. Unda omad qoraqalpog`istonlik qizlarga kulib boqdi va ular musobaqaning bronza medaliga sazovor bo`lishdi.

Final bahsida esa Farg`ona va Jizzax viloyatlari basketbolchi qizlari o`zaro kuch sinashishdi. Bunda mezbonlarning qo`li baland keldi va ular musobaqa bosh sovrinini qo`lga kiritishdi.

Musobaqa yakunida g`olib va sovrindorlarga 1-, 2-, 3-darajali diplomlar hamda qimmatbaho sovg`alar topshirildi. Ular Jizzax viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig`i Sharof Kulatov, Jizzax Olimpiya zaxiralari kolleji direktori Xurshid Ataqulov hamda Bosh hakam Dilshod Xashimovlar tomonidan taqdirlandi.

E`tiborli jihati, O`zbekiston chempioni bo`lgan Jizzax Olimpiya zaxiralari kolleji jamoasining 5 nafar a`zosi Jismoniy tarbiya fakulteti mavjud bo`lgan oliy o`quv yurtlariga davlat granti (byudjet) asosida o`qishga kirish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar