Buyuk ajdodlarimizdan meros bo`lgan kurashning boy an`analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga etkazish, o`zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarni ushbu milliy sport turimizga bo`lgan qiziqishlarini qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg`usini yanada mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarning, shuningdek, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shug`ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qaror ijrosini ta`minlash maqsadida joriy yil 9-12 aprel kunlari Surxondaryo viloyati Termiz shahrida kurash bo`yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag`ishlangan an`anaviy XV xalqaro turnir tashkil etiladi. Unda dunyoning 30ga yaqin davlatidan 105 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Shundan 75 nafari sportchilar bo`lib, ularning 15 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi.
Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida kurash bo`yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag`ishlangan an`anaviy XV xalqaro turnirning tashkiliy masalalariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari, Tashkiliy qo`mita raisi o`rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi, Tashkiliy qo`mita a`zosi Oybek Kasimov, O`zbekiston kurash federasiyasi raisining sport ishlari bo`yicha o`rinbosari Uyg`un Umarov, shuningdek xorijlik mehmonlardan Bangladesh yoshlar va sport vaziligi kotibi Sohil Ahmad, Ruminiya delegasiyasi rahbari, xalqaro toiadagi hakam, janob Naim Belgin, Ozarbayjon delegasiyasi rahbari Mobil Xuseynov hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Kurash bo`yicha tashkil etiladigan mazkur xalqaro musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada olib borilmoqda. Yurtimizga tashrif buyurayotgan kurashchilar va mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston kurash federasiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilot va idorlar hamkorlikda musobaqani yuksak saviyada tashkil etish uchun barcha choralarni ko`rishmoqda. Shuningdek, musobaqa jarayonlarini bevosita turnir o`tkaziladigan «Alpomish» stadionidan yoritib borishi uchun OAV xodimlariga ham barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi. Bellashuvlar o`tkaziladigan «Alpomish» stadionida ham ta`mirlash ishlari amalga oshirilib, sportchilar va kurash ixlosmandlariga barcha qulayliklar yaratilmoqda”, - dedi Ravshan Ermatov.
Shuningdek, anjumanda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham so`zga chiqib bu safargi kurash bayramini ham pandemiya sharoiti bo`lishiga qaramay yuqori saviyada tashkil etish choralari ko`rilayotganini ta`kidladi.
- So`nggi vaqtlarda mamlakatimizda tashkil etilayotgan xalqaro sport musobaqalariga jahon sportining mutasaddi rahbarlari kelishi yaxshi an`anaga aylanib bormoqda. Oxirgi bir oyni ichida yurtimizga Xalqaro dzyudo federasiyasi prezidenti Mariush Vizer, AIBA, ya`ni Xalqaro boks assosiasiyasi prezidenti Umar Kremlyov tashrif buyurdi. Quvonarlisi, kurash bo`yicha Al-Hakim At-Termiziy an`anaviy XV xalqaro turniriga Xalqaro kurash assosiasiyasi prezidenti Haydar Farmon boshchiligidagi delegasiya ham tashrif buyuradigan bo`ldi. Ushbu tashrif doirasida kurash sportini dunyoda yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, - dedi anjumanda so`zga chiqqan Oybek Kasimov.
O`zbekiston kurash federasiyasi raisining sport ishlari bo`yicha o`rinbosari Uyg`un Umarov esa ishtirokchilar borasida to`xtalib, quyidagilarni ma`lum qildi:
- An`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turniriga nafaqat yurtimiz, balki xorij davlatlarida ham qiziqish juda yuqori darajada. Biz musobaqaga taklif qilib 50dan ortiq davlatlarga taklifnomalar yubordik. Yaxshi xabardorsiz, hozirda Evropaning ko`plab davlatlarida lokdaun holati kuzatilmoqda. Shu bois Evropa qit`asidagi ko`plab davlatlar musobaqada ishtirok etish hoxishini bildirgan bo`lsa-da, yurtimizga kelolmayapti. Shunga qaramay Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turniriga dunyoning to`rt qit`asidagi 30ga yaqin davlatlardan 105 nafar ishtirokchi tashrif buyurishi kutilmoqda. Shularning 75 nafarini sportchilar tashkil qiladi. Mana shu raqamlarning o`ziyoq musobaqaning nufuzi nechog`lik yuqori ekanligini ko`rsatib turibdi.
Ma`lumot uchun, 1993 yildan buyon har ikki yilda o`tkazib kelinayotgan mazkur turnirda ko`plab nomdor polvonlar ishtirok etishgan. 15-bor tashkil etilayotgan an`anaviy xalqaro turnirda erkaklar -60, -66, -73, -81, -90 kg hamda mutlaq, ayollar esa -48, -57, -63, -70, +70 kg. vazn toifalarida o`zaro bellashadi.
Eslatib o`tamiz, Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg`armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil etib, har bir vazn toifasida g`oliblarga 3 000, 2-o`rinni qo`lga kiritgan sportchilarga 2 000 hamda ikkita 3-o`rin sohiblariga 1 000 AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.
Mutlaq vaznda g`olib bo`lgan polvon O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 000 AQSh dollariga sazovor bo`ladi. 2-o`rin sohibi 5 000 dollar, ikkita 3-o`rin sohiblari 3 500 dollardan, jami 22 000 dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Mutlaq vazn toifasida chorak finalda mag`lubiyatga uchragan 4 nafar kurashchining har biriga 2 000 dollardan jami 8 000 dollar pul mukofoti ta`sis etilgan.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun tashkilotchilar tomonidan turli sayyohlik turlari ham uyushtiriladiki, bu yurtimizda sport va ziyorat turizmini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.